1-noyabrdan Texnopark—Qipchoq yerusti halqa metro yo‘nalishi o‘z faoliyatini boshlaydi, deb xabar bermoqda Metropoliten matbuot xizmati.
Yerusti halqa metro liniyasida keng ko‘lamli o‘rganishlar o‘tkazilib, aniqlangan kamchiliklar bartaraf etildi. Xususan, yo‘llar tekislandi, eskirgan shpallar almashtirildi, drenaj tizimining holati ko‘zdan kechirildi, chaqiq toshli ballast tekshirildi.
Ma’lum qilinishicha, liniya taxminan 18-oktyabrdan o‘z ishini boshlashi mumkin. Biroq, sinov jarayonlarini yanada sifatli yakunlash, shuningdek, poyezdlar harakat tezligini ikki baravar oshirish va poyezdlar orasidagi intervallarni maksimal darajada qisqartirish maqsadida liniyaning ochilishi 1-noyabr kuni kutilmoqda.
Hozirda mazkur yo‘nalishdagi poyezdlar test rejimida harakatlanmoqda (yo‘lovchilarsiz). Sinovlar muvaffaqiyatli yakunlanib, texnik parametrlar to‘liq tasdiqlangach, liniya yo‘lovchilarga odatdagi tartibda xizmat ko‘rsatishni boshlaydi, — deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, Transport prokuraturasi Toshkent metropolitenining yer usti yo‘nalishida profilaktika ishlarini olib borishda jiddiy qoidabuzarliklarni aniqlagandi. Mutaxassislar metropolitenning birinchi va ikkinchi bosqichlari oralig‘ida joylashgan Texnopark va Qipchoq bekatlari oralig‘idagi uchastkadagi ishlarni ko‘zdan kechirdi.























