Toshkentda metro avtobuslari tirbandligidan shikoyat qilindi
Transport ham jadvaldan ortda qolmoqda: mas’ul idoralar vaziyatga oydinlik kiritdi.

8-sentyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda bepul metro avtobuslari oldidagi tiqilinch haqida ma’lumot tarqaldi. Toshkent shahar transport bosh boshqarmasi holatga izoh berdi.
Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu yo‘nalishda 32 ta avtobus: 7 ta King Long, 16 ta Yutong elektrobuslari va 6 ta Yutong gazda harakatlanuvchi avtobuslari har kuni 390 dan ortiq qatnovlarni amalga oshirmoqda. Belgilangan harakat oralig‘i 3-5 daqiqani tashkil etadi. “Texnopark” stansiyasidagi asosiy yuklama.
Ma’lum qilinishicha, yo‘lovchilar oqimini to‘liq qamrab olish va harakat intervallarini tartibga solish maqsadida mas’ul xizmatlar tomonidan nazorat kuchaytirilgan. Tig‘iz paytlarda harakat oralig‘i belgilangan me’yordan oshadi. Kompaniya buni tirbandliklar bilan izohladi. Vaziyat mas’ul xizmatlar tomonidan nazoratga olingan.
Shuningdek, yo‘nalishda har kuni tezkor guruhlar ish olib boradi, ular joyida vaziyatni o‘rganib, harakat jadvaliga o‘zgartirishlar kiritadi. Kompaniya vaqtinchalik noqulayliklar uchun uzr so‘radi va yo‘lovchilardan tushunishlarini so‘radi.
Eslatib o‘tamiz, 2-avgustdan boshlab Toshkent shahrida “Texnopark” va “Yangiobod” bekatlari o‘rtasida rejali ta’mirlash ishlari olib borilayotgan vaqtda poyezdlar harakati to‘xtatilgandi. Yo‘lovchilarga qulaylik yaratish maqsadida “Texnopark-Qipchoq-Texnopark” metro bekatlari oralig‘ida bepul metro avtobuslari harakati yo‘lga qo‘yildi. Ularning ish vaqti ertalab soat 05:00 dan kechqurun 23:00 gacha.
Izohlar