O‘zbekiston

Toshkentda elektr energiyasini saqlash tizimi paydo bo‘ladi

Texnologiyalar elektr energiyasini to‘plash va keyinchalik foydalanish uchun qayta yo‘naltirish imkonini beradi.

Toshkentda 100 MVt quvvatga ega elektr energiyasini saqlash tizimi paydo bo‘ladi, u keyinchalik foydalanish uchun elektr energiyasini to‘playdi, deb xabar beradi Energetika vazirligi matbuot xizmati.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Wind and Solarshine for Electricity Distribution Panels Manufacturing va China Energy International Group kompaniyalari yashil energetikani rivojlantirish va mamlakat energetika infratuzilmasini modernizatsiya qilishga qaratilgan uchta shartnomani imzolagan.

Ulardan biri tegishli tizimni qurish loyihasi bo‘yicha maslahatlashuvlar to‘g‘risidagi kelishuv bo‘ldi. Bunday texnologiyalar elektr energiyasini keyinchalik foydalanish uchun to‘plash imkonini beradi. Dastlabki 300 MVt quvvatli bunday tizimlar Andijon va Farg‘onada barpo etilgan.

Shuningdek, tomonlar Buxoro viloyatining Peshku tumanida 500 MVt quvvatga ega shamol elektr stansiyasi loyihasi bo‘yicha maslahat xizmatlarini ko‘rsatishga kelishib oldi. Qayd etilishicha, ushbu loyiha mintaqadagi eng yirik loyihalardan biri hisoblanadi. Uning amalga oshirilishi yuz minglab xonadonlarni toza energiya bilan ta’minlashga yordam berishi rejalashtirilgan.

Uchinchi kelishuv EPC-kontrakt bo‘lib, u amalga oshirilayotgan loyihalar doirasida qurilish ishlarini bajarishni nazarda tutadi. Barcha loyihalar kam uglerodli iqtisodiyotga o‘tish milliy dasturiga kiritilgan va barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish bosqichlaridan biridir.

Avvalroq O‘zbekistonda birinchi marta yozda elektr energiyasi iste’moli qishki ko‘rsatkichlardan oshib ketgani haqida xabar berilgandi. Iste’molchilardan elektr ta’minotidagi uzilishlar uchun uzr so‘raldi va elektr energiyasiga tejamkorlik bilan munosabatda bo‘lish so‘ralgan.

Izohlar

Mavzuga oid

Главная