11-dekabr kuni O‘zbekiston Energetika vazirligi metan yonilg‘i quyish shoxobchalari faoliyati cheklanishini e’lon qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, “qo‘shni davlat” gaz tizimida yuzaga kelgan texnik nosozlik oqibatida import qilinayotgan tabiiy gaz hajmi qisqargan, bu borada zarur choralar ko‘rilmoqda. Vazirlik nosozliklar qaysi davlatda yuzaga kelganiga aniqlik kiritmagan.
Birinchi navbatda, aholi xonadonlari va ijtimoiy soha obyektlarini tabiiy gaz bilan barqaror ta’minlash asosiy vazifalarimizdan biridir, — deyiladi xabarda.
Aholi xonadonlari va ijtimoiy obyektlarda gaz bosimi pasayishining oldini olish maqsadida, hokimliklar bilan kelishilgan grafiklar bo‘yicha metan zapravkalar faoliyati vaqtincha cheklanadi.
Energetika vazirligi bu choralar vaqtinchalik ekani, gaz bosimini me’yorga keltirish bo‘yicha amaliy ishlar olib borilayotganini ma’lum qildi.




















