Toshkent viloyatida aviahalokatlarga javob berish bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazildi — video
Tadbirda Favqulodda vaziyatlar, Mudofaa, Ichki ishlar, Sog‘liqni saqlash vazirliklari, Milliy gvardiya va Uzbekistan Airports kabi idoralar ishtirok etdi.

Toshkent viloyatida parvozlarni qidiruv va avariya-qutqaruv ta’minoti bo‘yicha keng ko‘lamli mashg‘ulotlar o‘tkazildi, deb xabar bermoqda Uzbekistan Airports matbuot xizmati.
Mudofaa vazirligining O‘rta Chirchiq tumanidagi Desantchilarni tayyorlash markazida keng ko‘lamli idoralararo o‘quv mashg‘ulotlari bo‘lib o‘tdi. Afsonaga ko‘ra, yo‘lovchi samolyoti qo‘nish vaqtida dispetcherlik markazi va havo kemasi ekipaji o‘rtasida aloqa uzilgan.
Samolyot Toshkent chekkasidagi aeroport tashqarisida halokatga uchradi, oqibatda yong‘in kelib chiqdi, qurbonlar va jarohatlanganlar bor. Dispetcherlar favqulodda vaziyat to‘g‘risidagi ma’lumotlarni tezkorlik bilan aeroportning avariya-qutqaruv xizmatiga yetkazadi, u esa o‘z navbatida boshqa idoralarni xabardor qiladi. Qutqaruv operatsiyasi boshlanmoqda.
Shartli favqulodda vaziyat oqibatlarini bartaraf etishda jami 250 nafarga yaqin kishi va idoralararo tuzilmalarning 20 ta maxsus texnikasi jalb etilgan. Ishtirokchi tashkilotlar: Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya, Sog‘liqni saqlash vazirligi va Uzbekistan Airports.
Idoralar xodimlari qutqaruv ekipajlarining tayyorgarligi, yong‘inni o‘chirish, odamlarni evakuatsiya qilish, jabrlanganlarni ahvolining og‘irligiga qarab guruhlarga taqsimlash, birinchi yordam ko‘rsatish va davolash muassasalariga yetkazish, shuningdek, havo kemasi bortidagi xavfli yukni tushirishda muvofiqlashtirish ishlarini olib bordi.
“Havo bandargohi ichidagi mashg‘ulotlardan tashqari, Uzbekistan Airports yiliga bir necha bor aeroportlardan tashqarida bunday keng qamrovli o‘quv tadbirlarini o‘tkazish tashabbusi bilan chiqmoqda. Ularning asosiy maqsadi aviatsiya halokatlari sodir bo‘lganda bir qator vazirlik va idoralar hamda Toshkent aeroporti bo‘linmalarining idoralararo hamkorligini amaliy jihatdan ishlab chiqish, shuningdek, aviatsiya favqulodda vaziyatlarini bartaraf etish bo‘yicha tadbirlarni amalga oshirishda xodimlarning tayyorgarligini oshirishdan iborat”, — deyiladi xabarda.
Mashqlarning barcha bosqichlari batafsil tahlil qilindi. Manyovrlar yakunida qabul qilingan qarorlar tahlil qilindi, shuningdek, idoralar o‘rtasidagi hamkorlikni yaxshilash bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqildi. Yakuniy natijalarga ko‘ra, Toshkent aeroporti va o‘zaro hamkorlik qiluvchi idoralarning kuch va vositalari yuqori baholandi va haqiqiy falokat yuz bergan taqdirda tezkor harakat qilishga to‘liq tayyor deb topildi.
Eslatib o‘tamiz, o‘zbekistonliklarga samolyotda o‘zini yomon his qilmaslik yo‘llari tushuntirilgandi. 2025-yil boshidan beri bortda beshta o‘lim holati qayd etilgan va ularning barchasi belgilangan manzilga yetib borgunga qadar sodir bo‘lgan.
Izohlar