Surxondaryolik 15 yoshli kelinning otasi qizining to‘yidan bexabarligini aytdi
Ijtimoiy tarmoqlarda erkakning murojaati paydo bo‘ldi, unda u sodir bo‘lgan voqeani qaynonasi tomonidan o‘tkazilgan bosim natijasi deb atab, huquq-tartibot xodimlaridan vaziyatni o‘rganishni so‘ragan.

Ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryoda 28 yoshli yigitga turmushga uzatilgan 15 yoshli qizning otasi to‘ydan bexabarligini aytib, huquq-tartibot idoralari xodimlaridan vaziyatni o‘rganishni so‘ragan videomurojaat tarqaldi.
Erkak o‘z murojaatida rafiqasi bir necha yil avval kasalligini bahona qilib Rossiyaga ketgani va qizaloqni onasining qaramog‘iga qoldirganini aytib o‘tgan. Biroz vaqt o‘tgach, erkakning qaynonasi qiz va yana ikki o‘g‘lini o‘z uyiga olib ketgan, erkakni esa bolalari bilan ko‘rishish imkoniyatidan mahrum qilgan.
Farzandlarimdan xabar olmoqchi bo‘lganim uchun hatto 15 sutkaga qamalganman. Vaholanki, men ajrashmaganman va bunga haqqim bor. Buni mahalla raisi va uchastka noziri bilgan, lekin hech kim farzandlarimni olib ketishimga yo‘l qo‘ymagan, — deydi qizning otasi.
Shuningdek, erkak bo‘lajak to‘y haqida bilmaganini va qizni uning roziligisiz turmushga berishganini ta’kidladi. Qizning otasi agar xabardor bo‘lganida to‘yni kuch bilan to‘xtatishini aytgan. Erkak o‘z murojaatida huquq-tartibot idoralariga murojaat qilib, adolatli tergov o‘tkazishni va barcha aloqadorlarni jazolashni so‘ragan.
Eslatib o‘tamiz, voqea 2025-yil 8-iyul kuni Denov tumani “Ozod” mahallasida sodir bo‘lgan. Tartib posbonlari aniqlashicha, 68 yoshli mahalliy fuqaro 15 yoshli nabirasiga to‘y marosimini uyushtirgan. Kuyov esa 28 yoshli erkak bo‘lib chiqdi. Avvalroq oila voyaga yetmagan qizni turmushga berishga uringani uchun huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan rasman ogohlantirilgan edi.
Bundan tashqari, qiz voyaga yetmagani sababli nikohni rasmiylashtirishning imkoni bo‘lmagan, biroq 75 yoshli fuqaro oila uchun moddiy rag‘bat evaziga diniy nikoh marosimini o‘tkazishga rozi bo‘lgan.
Natijada huquq-tartibot idoralari tomonidan erkakka nisbatan Jinoyat kodeksining 125-1-moddasi (Nikoh yoshi yoki nikoh tuzish tartibini buzish), qizning turmush o‘rtog‘iga nisbatan esa Jinoyat kodeksining 128-moddasi (O‘n olti yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq O‘zbekistonda jinsiy zo‘ravonlik va bolalar tasviri tushirilgan pornografiya uchun jazo kuchaytirilishi haqida xabar berilgandi. Shuningdek, hukumat voyaga yetmaganlarga psixologik yukni kamaytirish uchun ularni so‘roq qilish tartibini tartibga solishni rejalashtirmoqda.
Izohlar