Shavkat Mirziyoyev 19-dekabr kuni Yaponiyaga rasmiy tashrifini imperator Naruxito bilan uchrashuvdan boshladi, deb xabar bermoqda prezident matbuot xizmati.
Yaponiya Imperatori davlat rahbarini samimiy qutlar ekan, Oʻzbekiston Prezidentining bu galgi tashrifi Oʻzbekiston – Yaponiya doʻstlik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash yoʻlidagi muhim voqea ekanini taʼkidladi. Mamlakat yetakchisi Imperator Naruxitoga chuqur hurmat-ehtiromini bildirib, Yangi Oʻzbekistondagi ortga qaytmas islohotlarni izchil qoʻllab-quvvatlayotgani uchun minnatdorlik izhor etdi.
Oʻzbek va yapon xalqlari geografik jihatdan bir-biridan olis boʻlishiga qaramay, ularni mentalitetlar, urf-odatlar va oilaviy qadriyatlar oʻxshashligi, shuningdek, ildizlari Buyuk Ipak yoʻli davriga borib taqaladigan koʻp asrlik tarixiy aloqalar bogʻlab turgani taʼkidlandi.
Ikki tomonlama hamkorlik, ayniqsa, taʼlim va kadrlar tayyorlash hamda madaniy-gumanitar almashinuvlar sohasida izchil kengayib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Bugungi kunga qadar 3 mingdan ortiq oʻzbekistonlik mutaxassislar Yaponiyada amaliyot oʻtadi, 440 nafardan ziyodi esa stipendiya asosida oliy maʼlumotga ega boʻldi. Oʻzbekistondagi 7 ta universitetda yapon tili oʻqitilmoqda.
Joriy tashrif doirasida Tokioda Oʻzbekiston madaniyati kunlari muvaffaqiyatli oʻtkazildi. Kelgusi yili Yaponiyaning bir nechta shaharlarida Oʻzbekiston madaniyati va tarixiga bagʻishlangan arxeologik koʻrgazma tashkil etilishi rejalashtirilgan. Uchrashuv yakunida davlatimiz rahbari Imperator Naruxitoga Oʻzbekistonga rasmiy tashrif bilan kelishni taklif qildi.
Mavzuga doir: Yaponiyada O‘zbekistonga qanday baho berishadi? Yirik gazetalardan biri The Japan News Shavkat Mirziyoyevning tashrifi va “MO+1” formatidagi muzokaralar fonida maqola chop etdi.



















