Tokioga tashrifning birinchi kuni yakunida O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev Akasaka saroyida Yaponiya bosh vaziri nomidan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari sharafiga o‘tkazilgan rasmiy qabul marosimida ishtirok etdi.

O‘zbekiston yetakchisini Yaponiya bosh vaziri Sanae Takaichi kutib oldi. Tadbirda Qozog‘iston Respublikasi prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirg‘iz Respublikasi prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Respublikasi prezidenti Emomali Rahmon va Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov ham qatnashdi.

Davlat rahbarining Yaponiya hukumati rahbari bilan muzokaralari hamda “Markaziy Osiyo + Yaponiya” muloqotining birinchi sammiti doirasidagi asosiy tadbirlari ertaga, 20-dekabr kuni bo‘lib o‘tadi.

Avvalroq prezident Yaponiyaning yetakchi kompaniyalari va moliyaviy institutlari rahbarlari bilan uchrashgandi. Davlat rahbari Yaponiya biznesini O‘zbekiston iqtisodiyotini modernizatsiya qilish jarayonlarida faol ishtirok etishga chaqirdi.