O‘zbekiston

Shavkat Mirziyoyev iqtidorli talabalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi chora-tadbirlarni e’lon qildi

Mamlakatda har yili yoshlar tanlab olinib, dunyoning nufuzli universitetlariga o‘qishga kirishga tayyorlanadi.

Shavkat Mirziyoyev 30-iyun kuni yoshlar bilan uchrashuvda iqtidorli talabalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi chora-tadbirlarni ma’lum qildi.

Davlat rahbari «El-yurt umidi» jamg‘armasi faoliyatini takomillashtirish, dunyoning yetakchi 300 ta universitetiga o‘qishga kirgan talabalarning o‘qish va yashash xarajatlarini qoplash bo‘yicha yangi tizim joriy etilganini eslatdi. Birinchi navbatda, STEM (fan, texnologiya, muhandislik va matematika), energetika, transport, shaharsozlik, arxitektura, qurilish, qishloq va suv xo‘jaligi kabi yo‘nalishlar uchun kvotalar oshiriladi.

Bundan tashqari, banklar eng yaxshi 300 ta oliygohga kirgan yoshlarga 20 ming dollargacha imtiyozli ta’lim kreditlari berishlari mumkin bo‘ladi. Prezident, shuningdek, Beruniy nomidagi xalqaro maktab sifatida ish boshlagan «Garvardchilar maktabi»ga 8-sinf bitiruvchilari orasidan 60 nafar o‘quvchi tanlab olinib, ular uchta yo‘nalishda o‘qishni davom ettirishini ma’lum qildi.

Har yili 3 ming nafar eng iqtidorli maktab o‘quvchilarini tanlab olish va ularni Garvard, Yel, Kolumbiya va Kornell kabi dunyoning nufuzli universitetlariga o‘qishga kirish uchun tayyorlash rejalashtirilgan. Bunda kam ta’minlangan oilalar farzandlari uchun kamida 300 ta o‘rin ajratiladi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari dunyoning eng yaxshi universitetlari reytingidan joy oldi. Ta’lim muassasalari “Bitiruvchilarning yutuqlari” ko‘rsatkichi bo‘yicha ham baholandi.

Izohlar

Mavzuga oid

Главная