Senatorlar xorijdan qaytganlarni majburiy tekshiruvdan o‘tkazish to‘g‘risidagi qonunni qabul qildi
Hujjat kuchga kirishi uchun faqat prezidentning imzosi qoldi.

Senatorlar xorijdan kelgan fuqarolarni OIVga majburiy tekshiruvdan o‘tkazish to‘g‘risidagi qonunni qabul qildi, deb xabar bermoqda Qonunchilik palatasi matbuot xizmati.
Ma’lumotlarga ko‘ra, qonun loyihasi bilan xorijda 90 kundan ortiq bo‘lgan o‘zbekistonliklar, shuningdek, mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun mamlakatga kelgan chet el fuqarolari tibbiy ko‘rikdan majburiy o‘tishi belgilanmoqda.
Tibbiy tekshiruvdan o‘zbekistonliklar, shuningdek, mamlakatda doimiy yashovchi fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar byudjet mablag‘lari hisobidan, chet elliklar, O‘zbekistonga ishlash uchun kelgan fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar va O‘zbekistonda yashovchi chet el fuqarolari esa o‘z mablag‘lari, shuningdek, ish beruvchining mablag‘lari yoki qonunda taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar hisobidan o‘tadi.
Shuningdek, qonun loyihasida OIV/OITS va sil kasalligini aniqlash mamlakat hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi tasdiqnoma berishni rad etish uchun asos bo‘lishi nazarda tutilmoqda.
Bundan tashqari, xususiy bandlik agentliklari tomonidan beriladigan litsenziyaning shartlaridan biri sifatida O‘zbekistondan tashqarida ish qidirayotgan shaxslarni ular turgan davlatning tegishli qonunchiligiga, ushbu davlatda bo‘lish qoidalariga muvofiq o‘qitishni tashkil etish ham belgilangan.
Qonun inson uchun xavfli yuqumli kasalliklar tarqalishining oldini olishga, aholi salomatligini muhofaza qilishga va mehnat migratsiyasi jarayonida ijtimoiy himoyani ta’minlashning ta’sirchan huquqiy mexanizmlarini shakllantirishga ko‘maklashishi rejalashtirilmoqda.
Hujjat kuchga kirgunga qadar faqat prezident tomonidan imzolanishi kerak.
Avvalroq Rossiyada muhojirlarni emlash va tekshirishni boshlashmoqchi ekani xabar qilingandi. Rossiya Fanlar akademiyasi akademigi Gennadiy Onishchenkoning ta’kidlashicha, agar mamlakat muhojirlarni qabul qilsa, boshqa davlatlar bilan kelishish kerak.
Izohlar