Xorijda bo‘lgan ayrim O‘zbekiston fuqarolari OIV testidan o‘tishga majbur bo‘lishi mumkin
Bu chora fuqarolar va chet elliklar ba’zi toifalariga taalluqli bo‘ladi.

“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi ayrim toifadagi fuqarolarni OIV infeksiyasiga majburiy tekshiruvdan o‘tkazish to‘g‘risidagi qonun loyihasini qo‘llab-quvvatladi, deb xabar bermoqda Qonunchilik palatasi axborot xizmati.
Ma’lumotlarga ko‘ra, fraksiya bunday choralarning sababini mehnat migratsiyasi hajmining oshishi, xorijdan qaytayotgan fuqarolar sonining ko‘payishi, shuningdek, ko‘p sonli chet el fuqarolarining O‘zbekiston hududiga kirishi bilan izohlagan. Shu munosabat bilan deputatlar inson salomatligiga xavf tug‘diruvchi yuqumli kasalliklarni erta aniqlash va ularning tarqalishining oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlarni kuchaytirish muhimligini ta’kidladi.
Xususan, shunday choralardan biri sifatida xorijda 90 kundan ortiq bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolari, shuningdek, mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun mamlakatga kelayotgan chet elliklar uchun majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi ishlab chiqildi.
Xususan, qonun loyihasi OIV infeksiyasi bor-yo‘qligini aniqlash uchun majburiy tekshiruvdan o‘tishi lozim bo‘lgan fuqarolar toifalarini belgilaydi:
- mamlakat tashqarisida uzluksiz 90 va undan ortiq kun bo‘lgan 18 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolari;
- O‘zbekiston hududida doimiy yashovchi chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar;
- mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun O‘zbekistonga kelayotgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar.
Qonun tashabbuskorlari 90 kunlik muddatni tanlaganlarini, chunki yuqumli kasalliklar inson organizmida aynan shu davrda o‘zini namoyon qilishini aytdilar. Loyihani muhokama qilish chog‘ida 2024-yilda xorijdan qaytgan 1,7 million fuqarodan atigi 434 ming nafari, ya’ni 25 foizi OIV/OITSga ixtiyoriy ravishda tekshiruvdan o‘tgani ta’kidlandi. Shu bilan birga, ularning 1512 nafarida ushbu kasallik aniqlangan.
Deputatlar qonunchilikda majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tish nazarda tutilmaganligi sababli aksariyat fuqarolar ushbu kasallik bo‘yicha tekshiruvdan o‘tmasligini ta’kidladi.
Ilgari xabar qilinganidek, Rossiyada migrantlar uchun majburiy OIV ma’lumotnomalarini joriy etish rejalashtirilmoqda. Tahlilni bevosita uchishdan oldin topshirish kerak bo‘ladi.
Izohlar