Shavkat Mirziyoyevga 15-dekabr kuni suv xoʻjaligida energiya samaradorligini oshirish, ilmiy salohiyatni rivojlantirish va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash ishlari yuzasidan axborot berildi, deb xabar berdi prezident matbuot xizmati.
Qoraqalpog‘istonda 274 ta nasos stansiyasi mavjud bo‘lib, ular orqali 185 ming gektardan ortiq yer sug‘oriladi. Stansiyalardagi nasos agregatlarining yarmidan ko‘pi 1979-yildan keyin ishlab chiqarilgan uskunalardan iborat bo‘lib, ularning energiya sarfi hozirgi nasoslarnikiga nisbatan 2-3 marta ko‘pdir.
Kegeyli tumanidagi eskirgan agregatlardan biri zamonaviy energiya tejamkor uskunaga almashtirilgach, elektr energiyasi sarfi 2 barobarga qisqardi.
Ushbu ijobiy tajribadan kelib chiqib, Qoraqalpogʻistondagi 276 ta nasosni bosqichma-bosqich zamonaviy energiya tejamkor agregatlarga almashtirish rejalashtirilgan. Natijada yillik 25 milliard soʻmga teng elektr energiyasi iqtisod qilinishi va loyiha sarf-xarajatlari 14 oy ichida oʻzini oqlashi taʼkidlandi.
Bu borada mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qoʻllab-quvvatlash muhimligi koʻrsatib oʻtildi. Shuningdek, Toshkent irrigatsiya universitetida erishilgan natijalar va kelgusidagi rejalar toʻgʻrisida maʼlumot berildi. Hozirgi kunda universitetda 8682 nafar talaba tahsil olmoqda, 571 nafar professor-oʻqituvchi faoliyat yuritmoqda, ilmiy salohiyat darajasi 73,5 foizni tashkil etadi.
Universitet xalqaro reytinglarda yuqori natijalarga erishib, “THE World University Rankings 2026” reytingida dunyo universitetlari orasida 501-oʻrinni, Markaziy Osiyo va Kavkazorti mamlakatlari boʻyicha 2-oʻrinni, Oʻzbekistonda 1-oʻrinni egalladi, “QS World University Rankings 2026” natijalariga koʻra esa 469-oʻringa koʻtarildi.
Oʻtgan yilda universitet hududida 200 oʻrinli zamonaviy IT markazi barpo etildi, raqamli kutubxona va registrator ofisi faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Universitetning taʼlim yoʻnalishlari besh yil muddatga xalqaro akkreditatsiyadan oʻtkazildi. Oʻquv jarayoniga dunyoning TOP-300 taligidagi universitetlarni bitirgan yurtdoshlarimiz va xorijiy professorlar jalb qilingan.
Kelgusida iqlim oʻzgarishini tahlil qilish uchun raqamli texnologiyalarga asoslangan milliy platforma yaratish, universitet hududida kosmik kuzatuv stansiyalari barpo etish, sunʼiy yoʻldosh maʼlumotlarini qabul qilish infratuzilmasini rivojlantirish rejalashtirilgan.
Shuningdek, universitetning “Suv diplomatiyasi” magistratura yoʻnalishiga xalqaro maqom berish koʻzda tutilgan. Davlatimiz rahbari Toshkent irrigatsiya universitetini dunyoning TOP-300 talik universitetlari qatoriga kiritish boʻyicha aniq chora-tadbirlar ishlab chiqishni topshirdi. Taqdimotda xalqaro hamkorlik masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi.
Qayd etilganidek, soʻnggi oylarda Toshkent shahri ichimlik suvi va oqova xizmatlarini yaxshilashga bagʻishlangan birinchi Markaziy Osiyo konferensiyasi hamda Suv kodeksining kuchga kirishiga bagʻishlangan xalqaro konferensiyaga mezbonlik qildi.
Ushbu tadbirlarning mantiqiy davomi sifatida kelgusi yil mart oyida Toshkent xalqaro suv haftaligini oʻtkazish rejalashtirilgani maʼlum qilindi. Forum xalqaro institutlar va mintaqa mamlakatlari bilan hamkorlikni mustahkamlash, suv resurslaridan oqilona foydalanish va “yashil” texnologiyalarni joriy etish boʻyicha muloqot maydoni boʻlib xizmat qiladi.
Ushbu tadbirni yuqori saviyada oʻtkazish va kelgusi yilda Orolboʻyi hududida suv tejash texnologiyalariga bagʻishlangan xalqaro forumga puxta tayyorgarlik koʻrish yuzasidan koʻrsatmalar berildi.
Avvalroq O‘zbekistonda Suv kodeksi tasdiqlanishi haqida xabar berilgandi. Shuningdek, suv fondi yerlarini Suv xo‘jaligi vazirligiga o‘tkazish rejalashtirilgan.



















