O‘zbekiston

Prezident Toshkent bo‘ylab kortejsiz yurib, tirbandlikka uchradi

Safardan so‘ng Shavkat Mirziyoyev IIV rahbariga qo‘ng‘iroq qilib, yo‘llardagi muammolar bilan shaxsan tanishishni topshirgan.

Shavkat Mirziyoyev yo‘l infratuzilmasiga bag‘ishlangan yig‘ilishda poytaxt yo‘llaridagi holatni o‘zi borib ko‘rgani haqida gapirdi, deb xabar bermoqda davlat rahbari matbuot xizmati.

Prezident shaharni shaxsiy avtomobilida kezib, har kuni minglab haydovchilar duch kelayotgan tirbandlik va noqulayliklarga uchraganini aytdi.

“Mehmon ham, xalqimiz ham mamlakat iqtisodiyotini yo‘llarga qarab baholaydi. O‘tgan shanba-yakshanba kuni o‘zim rulda yurib keldim. U yo‘llarda hech kim bilmaydi rulda kim o‘tirganini, lekin men ham 15-20 daqiqa tirbandlikda turdim, yaxshigina turdim”, — dedi davlat rahbari.

Prezident xizmat mavqeidan tirbandlikni chetlab o‘tish uchun foydalanmaganini ta’kidlab, o‘z so‘zlarini tasdiqlash uchun ichki ishlar vaziriga murojaat qildi.

“Rulda men o‘tirganimni hech kim bilmaydi. Vaziyatni shaxsan tekshirishga qaror qildim, hamma bilan birga turdim, nima qilish kerak? Mashinadan tushib, o‘tkazib yuboringlar, deb baqirmayman-ku. Hamma qatori turdim, tirbandlikdan o‘tgandan keyin vazirga qo‘ng‘iroq qildim”, — dedi davlat rahbari.

Prezident vazirga yo‘llardagi ahvolni o‘zi tekshirib ko‘rishni maslahat bergani, aholi qanday noqulayliklarga duch kelayotganiga shaxsan guvoh bo‘lganini ta’kidladi.

“Odamlar ishdan qaytishda tirbandlikda turadi, ularning kayfiyati buziladi, masalan: ko‘prik yonidagi to‘rt qatorli yo‘l ikki qatorli yo‘lga aylanadi, albatta, ko‘cha turibdi, buni darhol normal to‘g‘rilash mumkin edi”, — dedi mamlakat rahbari.

Avvalroq Mirziyoyev rulga o‘tirib, ayanchli ahvoldagi yo‘llardan yurgani haqida xabar berilgandi. Prezident o‘zbekistonliklarning ommaviy shikoyatlariga munosabat bildirgan.

Izohlar

Mavzuga oid

Главная