O‘zbekistonliklarga gaz ballonlaridan foydalanish bo‘yicha tavsiyalar berildi
Kichik xato fojiaga olib kelishi mumkin.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi o‘zbekistonliklarga gaz ballonlaridan foydalanishda qanday yong‘in xavfsizligi choralariga rioya qilish kerakligini eslatdi.
Ta’kidlanishicha, zarur xavfsizlik choralariga rioya qilgan holda baxtsiz hodisalarning oldini olish mumkin. Xususan, aholidan hech qanday holatda:
- gaz plitalari va gaz uskunalariga nostandart gaz ballonlarini o‘rnatmaslik;
- gaz ballonlarini alohida bosim ostida ishlashga mo‘ljallanmagan rezina shlanglar yordamida asbob-uskunalarga ulamaslik;
- gaz plitalaridan foydalanishda kichik yoshdagi bolalarni oshxonada nazoratsiz qoldirmaslik;
- ballonlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri quyosh nurlari ostida qoldirmaslik;
- ballonlarni mato bilan o‘ramaslik so‘raldi.
Aksincha, nima qilish kerakligi haqidagi maslahatlar orasida quyidagilar bor:
- ballonlar birikmalarining germetikligini sovunli eritma yordamida doimo tekshirib turish;
- oson alangalanuvchi buyumlarning gaz ballonlaridan kamida 10 metr masofada bo‘lishini nazorat qilish;
- gaz plitalarining holatini muntazam tekshirib turish.
Shuningdek, mutaxassislarning ta’kidlashicha, gaz balloni va plita orasidagi masofa kamida 2 metr bo‘lishi tavsiya etiladi.
Avvalroq YHXX o‘zbekistonliklarga avtomobillardagi gaz uskunalarining tez-tez portlashi fonida murojaat qilgandi. Mutaxassislar mashinalarni texnik ko‘rikdan o‘tkazib turishni so‘rashdi va o‘z avtomobillarini tekshirishni faqat akkreditatsiyadan o‘tgan tashkilotlarga ishonish kerakligini eslatishdi.
Izohlar