O‘zbekistonda YTH joylarini 3D modellashtirish xizmati paydo bo‘lishi mumkin
Yangi turdagi ekspertizalarda inson omili ta’sirini istisno etadigan raqamli texnologiyalar va avtomatlashtirilgan dasturlardan foydalaniladi.

O‘zbekistonda yo‘l-transport hodisalari joylarini 3D modellashtirish, videotexnika va fototexnika ekspertizasi xizmatlarini joriy etish rejalashtirilmoqda.
Adliya tizimida davlat xizmatlari ko‘rsatishni kengaytirish chora-tadbirlari bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda Xadicha Sulaymonova nomidagi sud ekspertizasi markazi tomonidan 64 turdagi ekspertiza tekshiruvlari o‘tkazilayotgani, lekin hududlarda ularning yarmidan foydalanish imkoniyati mavjud emasligi qayd etildi.
Shu bois ekspertizani tashkil etishga yangicha yondashib, hududiy ekspertiza markazlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, shu orqali ekspertiza turlarini 15 tadan 25 taga yetkazish vazifasi qo‘yildi.
Ekspertizaning yangi turlarini joriy etishda inson omili ta’sirini istisno etadigan raqamli texnologiyalar va avtomatlashtirilgan dasturlardan keng foydalaniladi. Surishtiruv, tergov organlari va ekspertiza muassasalari o‘rtasida hujjatlar almashinuvi to‘liq elektron shaklga o‘tkaziladi.
YTH joyini 3D modellashtirish, videotexnika va fototexnika ekspertizasi kabi xizmatlarni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, nodavlat sud ekspertizasi faoliyatini kengaytirish, alohida byurolar shaklida mustaqil amaliyot yuritish huquqini berish, shuningdek, O‘zbekiston sud ekspertlari palatasini tashkil etish to‘g‘risidagi takliflar qo‘llab-quvvatlandi.
Izohlar