Toshkent viloyatida katta tezlikda harakatlanib ketayotgan Honda mototsikli haydovchisi boshqaruvni yo‘qotib, temir ustunga borib urildi, deb xabar bermoqda viloyat IIBB YHXB matbuot xizmati.
Ma’lumotlarga ko‘ra, voqea 23-noyabr kuni Bo‘stonliq tumani hududidan o‘tuvchi D-012 Bektemir—Chorbog‘ avtomobil yo‘lida sodir bo‘lgan. Honda mototsiklini boshqargan 41 yoshli erkak poytaxtga yo‘l olgan va katta tezlikda harakatlanib, boshqaruvni yo‘qotib, temir ustunga borib urilgan.
Erkak olgan tan jarohatlari oqibatida voqea joyida vafot etgan. Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi (odam o‘limiga sabab bo‘lgan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq Samarqandda Damas va Onix haydovchilari halokatli YTHga uchragani haqida xabar berilgandi. Haydovchilardan biri yo‘l harakati qoidalarini qo‘pol ravishda buzgan, bu esa avariyaga sabab bo‘lgan.



















