O‘zbekistonda xalqaro akkreditatsiyadan o‘tgan imtihonlarni o‘tkazishning yagona tizimi joriy etiladi, deb xabar berdi “Gazeta.uz”.
Hozir o‘quvchilar bir vaqtning o‘zida uch xil imtihon topshirishadi: maktabni bitirish imtihoni, OTMga kirish imtihoni va sertifikat olish uchun fanlar bo‘yicha imtihonlar. Ushbu imtihonlarni bitta — Yagona davlat imtihoniga (YDI) birlashtirish rejalashtirilmoqda.
Bu ortiqcha tartib-taomillarni kamaytiradi va keraksiz byurokratiyadan qochishga yordam beradi. Shuningdek, YDI joriy etilishi o‘quvchilarning vaqtini tejash va ota-onalarning moliyaviy yukini kamaytirishga yordam berishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 2022-yil iyul oyida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi NHHLM portalida 2024/2025 o‘quv yilidan maktab bitiruvchilari uchun yakuniy davlat attestatsiyasini joriy etishni nazarda tutuvchi prezident qarori loyihasini e’lon qilgan edi. Xalq ta’limi vazirligi attestat olish uchun eng kam ball miqdorini belgilaydi.






















