O‘zbekistonda yana bir xorijiy brend uchun kiyimlar tikiladi
Kelgusida rasmiylar obyekt hududida ishchilar uchun o‘quv markazlari va tibbiyot punktlarini tashkil etishni rejalashtirmoqda.

Farg‘ona viloyatida H&M jahon brendi uchun to‘qimachilik va tikuvchilik mahsulotlari ishlab chiqaradigan fabrika ishga tushirildi, deb xabar bermoqda viloyat hokimligi matbuot xizmati.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Innovative Apparel korxonasi Qo‘shtepa tumanida ishga tushirilgan. Fabrika Shri-Lanka bilan hamkorlikda tashkil etildi. Shu bilan birga, korxonaning to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarining umumiy hajmi 15 million dollarni tashkil etdi. Tayyor mahsulotlar Eron, BAA, Tailand, Pokiston, Qirg‘iziston va Rossiyaga eksport qilinishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, fabrika H&M jahon brendi ostida ishlaydigan savdo kompaniyalari bilan shartnomalar tuzgan bo‘lib, ular uchun buyurtmalarni bajaradi. Qayd etilishicha, ishlab chiqarish allaqachon boshlangan va birinchi buyurtmalar brendlarga kelib tushgan. Hokimlikda ta’kidlanishicha, bunday fabrikalarning ochilishi tuman iqtisodiyotini tubdan o‘zgartirishga qodir va uning rivojlanishida muhim rol o‘ynaydi.
Ayni paytda fabrikada 500 nafardan ziyod xotin-qizlar mehnat qilayotgan bo‘lsa, loyiha to‘liq quvvatga chiqqach, ishchilar soni 3 ming 500 nafarga yetishi kutilmoqda. Shu bilan birga, ishda Shri-Lankadan kelgan mutaxassislar ham faol ishtirok etmoqda. Keyingi bosqichlarda hokimiyat fabrika hududida ishchilar uchun o‘quv markazlari va tibbiyot punktlarini tashkil etishni rejalashtirmoqda.
Izohlar