O‘zbekistonda NNT faoliyatiga noqonuniy aralashganlik uchun jarima solinadi
NNT ishiga aralashganlik uchun javobgarlik kuchaytirildi, tashkilotlarga esa qonuniy faoliyat uchun ko‘proq erkinlik berildi.

21-avgust kuni prezident nodavlat notijorat tashkilotlari (NNT) faoliyatiga noqonuniy aralashganlik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi qonunni imzoladi.
Hujjat Qonunchilik palatasi tomonidan 2025-yil 15-aprelda qabul qilingan va Senat tomonidan 30 aprelda ma’qullangan. Hujjat bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Xususan, kodeks 197-8-modda — “Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashish” bilan to‘ldirildi. Unga ko‘ra, davlat organlari mansabdor shaxslarining aralashuvi bazaviy hisoblash miqdorining 7 baravaridan 10 baravarigacha (2 mln 884 ming so‘mdan 4 mln 120 ming so‘mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, BHMning 10 baravaridan 15 baravarigacha (4 mln 120 ming so‘mdan 6 mln 180 ming so‘mgacha) miqdorda jarima solinadi.
Shuningdek, nodavlat notijorat tashkilotlari (diniy tashkilotlar bundan mustasno), shuningdek, ularning vakolatxonalari va filiallari davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan (hisobga olmasdan) faoliyat yuritganlik uchun jarimalarning eng yuqori miqdorlari kamaytirildi. Endi jarima BHMning 15 baravaridan 25 baravarigacha (6 mln 180 ming so‘mdan 10,3 mln so‘mgacha) bo‘ladi. Ilgari maksimal summa BHMning 30 baravariga (12 mln 360 ming so‘m) yetgan.
Qonunning qabul qilinishi nodavlat notijorat tashkilotlarini davlat tomonidan yanada qo‘llab-quvvatlashga, ularning faoliyat erkinligini ta’minlashga, huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan.
Izohlar