O‘zbekistonda yer osti suv olish inshootlari uskunalarini suvni hisobga olish vositalari bilan ro‘yxatdan o‘tkazish va plombalash bo‘yicha davlat xizmati ko‘rsatish reglamenti tasdiqlandi. Bu haqda hukumat qarorida aytilgan.

30-noyabrdan boshlab mamlakatda yer osti suv olish inshootlaridan suv hisoblagichlarisiz foydalanish taqiqlanadi. Hisoblagichlar faqat O‘lchash vositalarining davlat reyestriga kiritilganlarini o‘rnatishga ruxsat beradi.

Suv o‘lchash vositalari nasos quduqlarida suv sarfini boshqarish qurilmasidan oldin, favvora quduqlari va buloqlarda esa boshqarish qurilmasidan keyin o‘rnatiladi. Davlat xizmatini ko‘rsatganlik uchun BHMning 50 foizi (206 ming so‘m) miqdorida yig‘im undiriladi.

Hududiy gidrogeologiya stansiyalari va tuman (shahar) soliq inspeksiyalari so‘rovnoma yuborilgandan keyin 10 kun muddatda yer osti suv olish inshootlarida o‘rnatilgan suvni hisobga olish vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazadi va plombalaydi.

Avvalroq dunyoda har to‘rtinchi odam suvdan foydalanish imkoniyatiga ega emasligi ma’lum qilingandi. Bundan eng ko‘p kam rivojlangan mamlakatlar aholisi aziyat chekmoqda.