O‘zbekiston

O‘zbekiston va Afg‘oniston elektr energiyasi sohasida to‘rtta yirik loyihani amalga oshirmoqda

Qurilish mahalliy resurslardan maksimal darajada foydalangan holda sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirilishiga va’da berildi.

17-avgust kuni Kobulda Energetika vazirligi rahbari Jo‘rabek Mirzamahmudov va O‘zbekiston prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatilla Irgashevning Afg‘oniston bosh vazirining iqtisodiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Mulla Abdul G‘ani Barodar bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston yoqilg‘i-energetika kompaniyalari rahbariyati va mas’ul xodimlari, Afg‘oniston Tog‘-kon sanoati va neft vaziri vazifasini bajaruvchi Hidoyatulla Badriy, Energetika va suv xo‘jaligi vaziri vazifasini bajaruvchi Abdul Latif Mansur, Davlat korporatsiyalari tashkiloti bosh direktori Ahmad Jan Ahmadi, shuningdek, DABS bosh direktori Abdul Bori Umar ham ishtirok etdi.

Muzokaralar yakunida O‘zbekiston va Afg‘oniston energetika kompaniyalari o‘rtasida to‘rtta yirik loyihani amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlar imzolandi:

  • uzunligi 200,6 km bo‘lgan 500 kVli “Surxon—Puli-Xumri” elektr uzatish tarmog‘ini qurish va “Xo‘ja-Alvan” podstansiyasini kengaytirish;
  • “Arg‘anda” podstansiyasini 500/220 kVgacha kengaytirish va quvvatini 800 MVAgacha oshirish;
  • “Butxak” podstansiyasidan (Kobul) “Shayx Misri” podstansiyasigacha (Nangarxar) uzunligi 125 km bo‘lgan 220 kV yangi ikki zanjirli elektr uzatish tarmog‘ini qurish;
  • quvvati 2×25 MVA va 2×40 MVA bo‘lgan 220 kV “Shayx Misri” (Nangarxar) podstansiyasini qurish.

Tomonlar 6-7 sentyabr kunlari Kobulda bo‘lib o‘tadigan Xalqaro energetika konferensiyasi doirasida ushbu loyihalarga rasmiy start berishga kelishib oldi. Qurilish ishlari 2027-yilning birinchi choragida yakunlanishi rejalashtirilgan.

“Loyihalar doirasidagi barcha ishlar mahalliy resurslardan maksimal darajada foydalangan holda sifatli va o‘z vaqtida amalga oshiriladi”, — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, Tolibon oradan to‘rt yil o‘tib, o‘zlarini Afg‘onistondagi hokimiyat deb tan olgandi. Amir vazirlarga “vazifasini bajaruvchi” maqomidan voz kechishga buyruq berdi, bu esa hukumatni rasman vaqtinchalik qildi.

Izohlar

Mavzuga oid

Главная