O‘zbekiston

O‘zbekiston bo‘ylab “Xalq nazorati” portali ishga tushiriladi

Prezident viloyat hokimlariga fuqarolar muammolari bilan shaxsan shug‘ullanish, ularni qabul bo‘limi boshlig‘i etib tayinlash bo‘yicha topshiriq berdi.

Фото: Ситуативное

Shavkat Mirziyoyev 16-iyun kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida Prezident Administratsiyasi huzuridagi Nazorat inspeksiyasi faoliyatini tanqidiy ko‘rib chiqib, uni tugatish to‘g‘risida qaror qabul qildi, deya xabar bermoqda davlat rahbari matbuot xizmati.

Shavkat Mirziyoyevning so‘zlariga ko‘ra, nazorat inspeksiyasi mavjud muammolarni o‘rganmayapti.

“Nazorat inspeksiyasiga nima uchun shuncha vakolat berilgan? Vazirlarga yaxshi ko‘rinish uchun, ular nimani bersa, shuni ko‘tarib kelmasdan, masalalarni o‘rganib, aybdorlarni jazolash bo‘yicha nega taklif kiritmaydi?” — dedi davlat rahbari.

Shavkat Mirziyoyev Prezident Administratsiyasining Nazorat inspeksiyasini tugatish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Prezident ijro intizomini kuchaytirish, aholi muammolarini hal etishning mutlaqo yangi tizimini yaratishga qaror qildi. Bundan buyon Hisob palatasi ijro intizomiga mas’ul bo‘ladi, uning vakolatlari kengaytiriladi.

Endi Hisob palatasi nafaqat byudjet mablag‘lari to‘g‘ri sarflanganini, balki qanday natijalar bo‘lganini, aholi ulardan qanchalik qoniqqanini ham tekshiradi. Palata raisi har bir qarorning samaradorligini tahlil qilib, zaif nuqtalar, “aravasini tortmayotgan” rahbarlar, ishlamayotgan tizimlar bo‘yicha har oyda prezidentga o‘z takliflarini kiritib boradi.

Shuningdek, Hisob palatasiga bir oy muddatda respublikaning barcha hududlarida Toshkent shahrida o‘zini oqlagan “Xalq nazorati” elektron portalini ishga tushirish topshirildi. Ushbu portal orqali aholi qurilish, landshaft va infratuzilma muammolarini suratga olib, ularning aniq joylashuvini ko‘rsatgan holda mobil ilova orqali yuborishi mumkin.

Masala yechimi fotosurat bilan ham tasdiqlanadi. Hokimlar faoliyatiga muammolar qanchalik tez va sifatli hal etilganiga qarab, har kuni baho berib boriladi. Bu tizim yagona murojaatlar maydoni bo‘lib, barcha vazirlik, idora va hokimliklar unga ulanadi.

“Xalq qabulxonalari tizimi ham aholi dardini eshitib, masalalarni hal qilish o‘rniga murojaatlarni davlat tashkilotlariga taqsimlovchi “dispetcher”ga aylanib qoldi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Misol uchun, 2024-yilda virtual va jamoat qabulxonalariga yuborilgan murojaatlarning 55 foizi hal etilmagan, bu esa ijtimoiy tarmoqlardagi shikoyatlarning ko‘payishiga olib kelgan. Ijtimoiy tarmoqlarda eng ko‘p murojaatlar huquqni muhofaza qilish va sud tizimi, hokimliklar, ta’lim va ekologiya sohalariga to‘g‘ri keladi. Mingga yaqin murojaatlar prezidentning shaxsiy qabulidan o‘tishni so‘ragan.

“Ayniqsa, Toshkent shahri va Buxoroda mansabdor shaxslar ustidan shikoyatlar ko‘payganini hokimlar qachon tahlil qilgan? Vazirlar va hokimlar murojaatlarga yechim bermasa, odamlar dodini kimga aytsin?” — dedi prezident.

Unga ko‘ra, tizimdagi kamchiliklar inobatga olinib, 16 iyundan boshlab Xalq qabulxonalarining barcha xodimlari ishdan bo‘shatiladi. Endi viloyat va tuman hokimi Xalq qabulxonalariga rahbarlik qiladi.

“Tizimdagi kamchiliklar hisobga olinib, Xalq qabulxonalarining barcha xodimlari bugundan boshlab ishdan bo‘shatilishi va masalani hal qila oladigan fidoyi kadrlar bilan to‘ldirilishi qayd etildi. Hokimlar bir narsani tushunib olsin, bugun tug‘ilgan muammoni keyingi kunga o‘tkazishga yo‘l qo‘yilmaydi. Murojaatni boshqa idoraga yubormasdan shu yerning o‘zida hal qiladi”, — dedi prezident.

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev hududlarga gaz yetkazib berishda uzilishlar bo‘layotgani uchun mas’ullarni tanqid qilgandi. Prezident rahbarlar bu masalaga ikki haftada yechim topishini, bo‘lmasa o‘zi bilib joyini bo‘shatib qo‘yishini ta’kidlagan.

Izohlar

Mavzuga oid

Главная