Shavkat Mirziyoyev hududlarga gaz yetkazib berishda uzilishlar bo‘layotgani uchun mas’ullarni tanqid qildi
Prezident rahbarlar bu masalaga ikki haftada yechim topishini, bo‘lmasa o‘zi bilib joyini bo‘shatib qo‘yishini ta’kidladi.

Shavkat Mirziyoyev suyultirilgan gaz ta’minotidagi 60-70 kunlik uzilishlarga yetarlicha e’tibor qaratmagan ayrim mutasaddilarni tanqid qildi, deb xabar bermoqda prezident matbuot xizmati.
Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Andijon va Surxondaryodagi shikoyatlarning 70 foizi aynan gaz ta’minoti bilan bog‘liq.
“Issiq kunlarda gazda shuncha muammo bo‘lsa, qishda odamlar qozonini nimada qaynatadi? Rahbarlarga so‘nggi ogohlantirish: bu masalaga ikki haftada yechim topsin, bo‘lmasa o‘zi bilib joyini bo‘shatib qo‘ysin”, — dedi prezident.
Shavkat Mirziyoyev yana bir masalani ko‘tardi: yozning boshlanishi nisbatan salqin bo‘ldi, lekin kunlar isib, elektr energiyasi iste’moli oshib bormoqda. Bu muammoni hal qilish uchun ikki oy oldin Energiya samaradorligi agentligi tashkil etilib, byudjetdan 100 mlrd so‘m ajratilgandi.
Eslatib o‘tamiz, prezident go‘sht, sut va tuxum narxlari barqarorligini nazorat qilish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriq bergandi. Shavkat Mirziyoyev vazifani uddalay olmaganlar ishdan bo‘shatilishini aytgan.
Izohlar