Jizzax viloyatida o‘z otasi tomonidan ayovsiz kaltaklangan bolalarga yordam berilmoqda
Mutaxassislar voyaga yetmaganlarni oilaviy bolalar uyiga joylashtirib, hozirda xorijda ishlayotgan onasini qaytarish ustida ish olib bormoqda.

Jizzax viloyatida oilaviy nizo vaqtida o‘z otasi tomonidan ayovsiz kaltaklangan bolalarga yordam ko‘rsatilmoqda, deb xabar bermoqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi matbuot xizmati.
Ta’kidlanishicha, jabrlangan bolalar birlamchi tibbiy yordam markaziga joylashtirilib, tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan. Shifokorlar bolalarning salomatligi qoniqarli ekanligini aniqladilar. Shuningdek, “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi mutaxassislari tomonidan voyaga yetmaganlarga zarur psixologik yordam ko‘rsatildi.
Hozirda bolalar oilaviy bolalar uyiga joylashtirilgan bo‘lib, ular har kuni nazoratga olingan va to‘liq davlat himoyasida. Shu bilan birga, mutaxassislar ularning xorijda ishlayotgan onasini vatanga qaytarish choralarini ko‘rmoqda.
Eslatib o‘tamiz, voqea 28-avgust kuni ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videodan so‘ng ma’lum bo‘lgandi, unda erkak bolalarni yig‘lab, baqirib turgan vaqtida ayovsiz kaltaklab, oyoqlari bilan tepgan. Bolalar ombudsmanining viloyatdagi vakili videodagi kadrlar mahalliy aholi o‘rtasida sodir bo‘lgan oilaviy mojaro ekani, unda erkak ikki farzandiga zo‘ravonlik ishlatganini aniqladi.
Idora matbuot xizmati otasiga nisbatan qat’iy choralar ko‘rilishiga ishontirdi. Natijada huquq-tartibot idoralari tomonidan mazkur shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 110-moddasi 2-qismi “a” bandi (Qiynoqqa solish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Izohlar