Jizzax viloyatida tuman FVB boshlig‘i pora bilan ushlandi
Amaldor tadbirkordan qurilish uchun zarur hujjatlarni rasmiylashtirish uchun pul talab qilgan.

Jizzax viloyatida tuman FVB boshlig‘i pora olayotgan va xizmat vazifasini suiiste’mol qilayotgan vaqtda qo‘lga olindi, deb xabar bermoqda DXX matbuot xizmati.
Idora ma’lumotlariga ko‘ra, mansabdor shaxs ko‘p qavatli uyning loyiha hujjatlarini tasdiqlash uchun tadbirkordan 200 dollar talab qilgan. Keyinroq tadbirkor unga murojaat qilib, yangi turar joy binosi yonida qurmoqchi bo‘lgan xususiy maktab loyihasini tasdiqlashni so‘ragan. Bu safar tuman FVB boshlig‘i 6 mln so‘m pora talab qilgan.
Amaldor turmush o‘rtog‘i orqali pul olayotgan vaqtda qo‘lga olingan. Gumonlanuvchiga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi 2-qismi “a” va “v” bandlari (pora olish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. U 10 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, Andijonda tuman hokimi o‘rinbosari katta miqdorda pora bilan qo‘lga tushgandi. Amaldor fuqaroga yer uchastkasini noqonuniy ravishda rasmiylashtirib berishni taklif qilgan.
Izohlar