Huquq-tartibot idoralari hayvonlarga shafqatsiz munosabatda bo‘lgan o‘nlab o‘zbekistonliklarni jarimaga tortdi
Ayrim fuqarolar ma’muriy qamoq jazosiga ham hukm qilindi.

O‘zbekistonda 2025-yil boshidan buyon hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lgan 34 kishi javobgarlikka tortildi, ularning bir qismi jarima bilan qutuldi, ba’zilari esa qamoq jazosiga hukm qilindi, deb xabar beradi Oliy sud matbuot xizmati.
Mutaxassislar bunday statistikani 2025-yilning yanvaridan iyunigacha bo‘lgan davr uchun qayd etdilar. Xususan, MJtKning 111-moddasi (hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish) bilan 32 nafar fuqaro jarimaga tortildi, yana ikki nafari qamoq jazosiga hukm qilindi. Shu bilan birga, 2020-2024 yillar davomida 397 nafar fuqaro tegishli modda bo‘yicha javobgarlikka tortilgan, ulardan 363 nafari jarimaga tortilgan, 34 nafari esa hibsga olingan.
Vazirlik matbuot xizmati ushbu moddani buzganlik uchun BHMning 3 baravaridan 5 baravarigacha (1,23 mln so‘mdan 2,60 mln so‘mgacha) miqdorda jarima solinishini eslatdi. Huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa yoki huquqbuzarlik voyaga yetmagan shaxs ishtirokida sodir etilgan bo‘lsa yoxud hayvonlarning o‘limiga yoxud mayib bo‘lishiga olib kelsa, BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha (2,60 mln so‘mdan 4,12 mln so‘mgacha) miqdorda jarima yoki 15 sutkagacha qamoq bilan jazolanadi.
Avvalroq O‘zbekistonda hayvonlarni hisobga olish to‘g‘risidagi qonun kuchga kirgani haqida xabar berilgandi. Endilikda fuqarolar va tashkilotlar tomonidan saqlanayotgan barcha hayvonlar majburiy tartibda ro‘yxatga olinishi va tamg‘alanishi kerak.
Izohlar