Ekologiya vazirligi Sea Breeze loyihasi qurilishiga ruxsat berilishiga izoh berdi
Vazirlik ekologik me’yorlarga rioya etilishini doimiy ravishda nazorat qilib borishini ma’lum qildi.

Ekologiya vazirligi Sea Breeze Uzbekistan loyihasi qurilishiga rasmiy ruxsat berilganiga izoh berdi.
Vazirlik atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi qonunchilik normalariga rioya etilishi va loyihaning ekologik shart-sharoitlari, atmosferaning ifloslanishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan omillarni aniqlash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanmaslik, fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga xavf tug‘dirishi ustidan doimiy nazoratni amalga oshirishini ma’lum qildi.
“Vazirlik muloqotga, murojaatlarni ko‘rib chiqishga ochiq va atrof-muhitni muhofaza qilish davlatning so‘zsiz ustuvor vazifasi bo‘lib qolishini ta’kidlaydi”, — deyiladi xabarda.
Avvalroq Chorvoq sohilida ozarbayjonlik milliarderning dam olish maskani qurilishi boshlangani haqida xabar berilgandi. Sea Breeze loyihasi umuman ekologik ekspertizadan o‘tmagan va jamoatchilik tomonidan ma’qullanmagan. Keyinroq, 23-iyul kuni Ekologiya vazirligi rahbari Aziz Abduhakimov Chorvoq suv omborida Sea Breeze Uzbekistan loyihasiga bag‘ishlangan matbuot anjumanida nutq so‘zladi.
Vazirning aytishicha, Chorvoqdagi Sea Breeze kurorti loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yiladi. Bundan tashqari, Aziz Abduhakimov hozircha vazirlik loyiha bo‘yicha rasmiy hujjatlar olmaganini ma’lum qildi. Keyinroq Ekologiya vaziri maslahatchisi Rasul Kusherbayev loyihaga ekologik talablar qo‘yilishini, 4-avgust kuni esa Vazirlar Mahkamasi kurort majmuasi qurilishiga rasman ruxsat berganini ma’lum qildi.
Izohlar