Chorvoq sohilidagi Sea Breeze kurorti loyihasiga ekologik talablar qo‘yiladi
Qoidalar buzilgan taqdirda sarmoyador bilan shartnoma bekor qilinadi va yer olib qo‘yiladi.

Chorvoq suv ombori qirg‘og‘idagi Sea Breeze Uzbekistan umummavsumiy kurorti loyihasiga ekologik talablar qo‘yiladi, deya xabar berdi Ekologiya vaziri maslahatchisi Rasul Kusherbayev.
Kusherbayevning so‘zlariga ko‘ra, hujjatda faollarning e’tirozlari inobatga olingan va Ozarbayjonning Agalarov Development kompaniyasiga bir qator shartlar va majburiyatlar qo‘yiladi. Talablardan biri — qurilayotgan inshootlardagi kanalizatsiya va oqova suvlarni Chorvoq suv ombori va Chirchiq daryosiga oqizmaslik.
Investorlarga loyiha doirasida o‘z mablag‘lari hisobidan suvni qayta ishlash va undan qayta foydalanish bo‘yicha zamonaviy tizim yaratish majburiyati yuklatiladi.
“Agar qoidalar buzilib, Chorvoqqa bir tomchi suv tashlansa, loyiha qurilishi to‘xtatilishi, investitsiya shartnomasi bekor qilinishi va yer olib qo‘yilishi hukumat qarorida aniq ko‘rsatilgan”, — dedi Rasul Kusherbayev.
Shuningdek, u Bosh prokuratura Sea Breeze Uzbekistan hududida barcha shaharsozlik va ekologik me’yorlarga rioya etilishini alohida nazoratga olishini ma’lum qildi. Vazirlar Mahkamasi va Bosh prokuratura dastlabki loyiha yechimlaridan tortib, obyektlarni foydalanishga topshirishgacha bo‘lgan barcha jarayonlarning shaffofligi va qonuniyligini ta’minlashni o‘z zimmasiga oladi.
Bloger Nikita Makarenko O‘zbekiston va Sea Breeze Uzbekistan kompaniyasi o‘rtasida investorga “qat’iy cheklovlar” qo‘yadigan investitsiya shartnomasi tuzilishi rejalashtirilayotganini ma’lum qildi. Rioya etilishini nazorat qilish Ekologiya vazirligi, DXX va Bosh prokuraturaga yuklatiladi.
“Ushbu normalar Chorvoq suv ombori va Chirchiq daryosining suvni muhofaza qilish zonalaridagi barcha inshootlarga, shuningdek, kelajakdagi barcha shunday inshootlarga tatbiq etilishi rejalashtirilgan. Taftish o‘tkaziladi va barcha uchun oqova suvlarni ichimlik suvi manbalariga oqizish taqiqlanadi”, — dedi bloger.
Avvalroq Chorvoq sohilida ozarbayjonlik milliarderning dam olish maskani qurilishi boshlangani haqida xabar berilgandi. Sea Breeze loyihasi umuman ekologik ekspertizadan o‘tmagan va jamoatchilik tomonidan ma’qullanmagan. Keyinroq, 23-iyul kuni Ekologiya vazirligi rahbari Aziz Abduhakimov Chorvoq suv omborida Sea Breeze Uzbekistan loyihasiga bag‘ishlangan matbuot anjumanida nutq so‘zladi.
Vazirning aytishicha, Chorvoqdagi Sea Breeze kurorti loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yiladi. Bundan tashqari, Aziz Abduhakimov hozircha vazirlik loyiha bo‘yicha rasmiy hujjatlar olmaganini aytdi.
Izohlar