“An’analarga tupurish”: “Milliy tiklanish” a’zosi Toshkentdagi pivo festivali tanqid qildi
Feruza Muhamedjanova daraxtlarni himoya qilish borasidagi shovqin va madaniy qadriyatlarga tajovuz qilishda sukut saqlashni ikki tomonlama standartlar deb atadi.

“Milliy tiklanish” partiyasi raisi o‘rinbosari Feruza Muhamedjanova Toshkentda pivo festivali o‘tkazilishini tanqid qilib, uni “an’analarga tupurish” deb atadi va jamoatchilikni daraxtlarni kesishdan himoya qilish kabi o‘zlikni himoya qilish uchun birlashishga chaqirdi.
Feruza Muhamedjanova daraxtlar kesilishi bilan bog‘liq jamoatchilik e’tirozlari fonida 27–29-iyun kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tgan pivo festivali haqida gapirdi. Deputat festival aholi orasida katta muvaffaqiyat qozongani, ishtirokchilar orasida yoshlar ko‘pchilikni tashkil etganini ta’kidladi.
“Rusiyzabon OAVda bu mavzu zo‘r yoritildi. O‘zbekzabon OAV, ziyolilar bilan birga jim. Toshkenting narigi tomonida esa Islom sivilizatsiya markazi qadr rostlayabdi”, — deb yozadi u.
“Milliy tiklanish” partiyasi vakilining ta’kidlashicha, tadbir mamlakatda birinchi marta o‘tkazilmayotgani va asta-sekin an’anaga aylanib bormoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘zbek jamiyatida spirtli ichimliklar festivallarini ochiq va ommaviy reklama bilan o‘tkazish tobora ko‘payib bormoqda.
“Ba’zi doiralar bu kabi festivallarni “turistlar uchun”, “shaharni ochiq va zamonaviy ko‘rsatish uchun” deb asoslashadi. Lekin savol tug‘iladi: oqibatini hisob-kitob qilmagan «ochiqlik» rivojlanishmi yoki o‘zlikdan voz kechishmi?!
Hech bir zamonaviy shahar o‘z o‘zligini toptab rivojlanmaydi. 1886-yilda Toshkentning yangi shahar tomonida xalqni tub aholisini izdan chiqarish uchun ataylab “Piyon bozori” mayxonalar ochilganidan xabarimiz bor. Chorizmni tushunsa bo‘ladi. Bugunchi bugun bu tadbirni kim va nimaga qo‘llab-quvvatlamoqda?!” — dedi Firuza Muhamedjanova.
Deputatning ta’kidlashicha, O‘zbekiston bunday tadbir har yili 1 milliard yevrodan ortiq daromad keltiradigan Germaniya emas. Shu sababli, uning fikricha, mahalliy yoshlarga spirtli ichimliklarni atigi 5 ming so‘mga taklif qilishni oqlab bo‘lmaydi. Firuza Muhamedjanova bunday aksiyalarning Toshkentda o‘tkazilishi nafaqat poytaxt, balki butun mamlakat uchun salbiy namuna yaratishini ta’kidladi.
“Toshkent — mamlakatning yuragi. Madaniyat, siyosat, turizm, media — hammasi mana shu yerda boshlanadi. Demak, bu yerda o‘tkazilgan har qanday tadbir butun mamlakat uchun namuna bo‘lmog‘i darkor. Biroq bu ketishda bu kabi tadbirlar Buxoro, Samarqand va hatto Qo‘qongacha yetib borishi hech gapmas. Balki yetib borgandir ham. Pivo festivalini aynan Toshkentda o‘tkazish — bu shunchaki faollar yoki biznes tashabbusi emas, balki xalqni milliy an’analari va o‘zligiga tupurishdir!
Bugun pivo, ertaga vino, keyin spirtli barlar hech qanday madaniy cheklovsiz tadbirlar – shunday ketma-ketlikda jamiyatni sezdirmasdan o‘zgartirish mumkin. Albatta, kimning nima ichishi uning shaxsiy tanlovi. Lekin bu tanlov jamoat joyida, butun jamiyat ko‘z o‘ngida targ‘ib etilishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi”, — deya ta’kidladi Firuza Muhamedjanova.
“Milliy tiklanish” vakilining aytishicha, erkinlik tushunchasi madaniyatsizlik va cheksizlik bilan aralashib ketsa, bu o‘zlikni yo‘qotish belgisiga aylanadi.
“Jamoatchilik bu kabi ommaviy targ‘ibotlarga qarshi fikr bildirishi kerak emasmidi?! Axir bugun ma’naviyat va yoshlar masalasida yetarli ishonish qiyin bo‘lgan muammolar bor. Mutaxassislarning fikricha O‘zbekistonda ayni kunda eng yosh giyohvandning yoshi 12 da. Demak bugun bahs ochilgan masala bu faqat daraxt masalasi emas.. Bu — insonning o‘z hayoti, kelajagiga bog‘liq masala. Agar bir yog‘och uchun jamiyat shunday faol qo‘zg‘olsa – demak, bu jamiyatdan katta umid kutish mumkin. Biroq bu borada ham ikki xil standart borga o‘xshaydi: daraxt kesishga isyon, pivo festivaliga sukunat!” — deb yozdi deputat.
Firuza Muhamedjanova jamoatchilikni yashil maydonlarni himoya qilishda qanday prinsipial bo‘lsa, milliy o‘ziga xoslik masalalarida ham shunday prinsipial bo‘lishga chaqirdi.
“Daraxtni qanday himoya qilsak, o‘zligimiz bilan bog‘liq masalalarda ham shunday qat’iy turishimiz kerak. Axir oxir-oqibat daraxtning bo‘sh tanasini baribir qurt yeb ketadi-ku. Men Alisher Qodirovning fikrini to‘liq qo‘llab-quvvatlayman: “Biz daraxtlarni himoya qilish uchun birlashganimizdek, suv, yer, energiya resurslari, oziq-ovqat, vaqt isrofgarchiligiga, oxir-oqibat o‘zligimizga qarshi birlashamiz”, — deya xulosa qildi deputat.
Avvalroq Alisher Qodirov daraxtlarga sig‘inishni to‘xtatishga va ularni “kerak bo‘lsa” kesishga chaqirgandi. “Milliy tiklanish” rahbari tadbirkor Murod Nazarovning kesishni qonuniylashtirish g‘oyalari fonida izoh bergan.
Izohlar