Xorazm viloyatida bog‘cha mudirasi she’r yodlanmagani uchun bolaga tan jarohati yetkazdi
Bu ish bilan huquqni muhofaza qilish organlari shug‘ullanmoqda.

29-iyul kuni Xorazm viloyati Xiva tumanidagi xususiy maktabgacha ta’lim muassasalaridan birida tarbiyalanuvchi bilan bog‘liq hodisa sodir bo‘ldi.
Xizmat tekshiruvi davomida aniqlanishicha, bog‘cha mudirasi rus tili mashg‘uloti vaqtida bolaning yelkasidan qattiq ushlab, unga tan jarohati yetkazgan. Sababi, bola she’rni yod olmagan.
Jabrlanuvchining yaqinlari Xiva tumani ichki ishlar bo‘limiga murojaat qilgan. Holat tuman bo‘limi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari ishtirokida ko‘rib chiqildi.
Hozirda IIB xodimlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Qayd etilishicha, bolaning huquqlari va xavfsizligini ta’minlash uchun barcha zarur choralar ko‘rilmoqda, aybdorlarga huquqiy baho beriladi.
Viloyat ta’lim boshqarmasining ta’kidlashicha, maktabgacha ta’lim muassasalarida bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning har qanday ko‘rinishi qat’iy taqiqlanadi va nazoratga olinadi. Tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik choralari ko‘rilmoqda.
Izohlar