Hodisa

Xizmat vazifasini o‘tash vaqtida halok bo‘lgan profilaktika inspektori “Jasorat” medali bilan taqdirlandi

Pichoqlangan leytenant Abdurasul Abduvaliyevning oila a’zolariga mukofot topshirildi.

Andijon viloyatida xizmat vazifasini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan profilaktika inspektori davlat mukofoti bilan taqdirlandi, deb xabar bermoqda viloyat hokimligi matbuot xizmati.

“Jasorat” medali Xo‘jaobod tumani “Yuksalish” mahallasida xizmat qilgan marhum katta leytenant Abdurasul Abduvaliyev oilasiga topshirildi.

Mukofotni viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov topshirdi va marhumning onasiga hamdardlik bildirdi. Mutasaddilar Abduvaliyevning jamoat xavfsizligini ta’minlashga qo‘shgan hissasini e’tirof etib, uning fidoyiligi, jasorati va prinsipialligi xotiralarda abadiy qolishini ta’kidladi.

Eslatib o‘tamiz, 1-iyul kuni xodim Abdurasul Abduvaliyev soat 20:50 atrofida Andijon viloyati Xo‘jaobod tumani “Yuksalish” mahallasida maishiy mojaro yuzasidan chaqiruvga chiqqandi. O‘shanda 64 yoshli mast fuqaro oila a’zolariga xo‘jalik pichog‘i bilan tahdid qilgan. Qo‘lga olish chog‘ida erkak inspektorning ko‘kragiga pichoq sanchgan.

Qotillik qurboni bo‘lgan profilaktika inspektorlari davlat madhiyasi sadolari ostida so‘nggi manzilga kuzatildi. Ichki ishlar organlari xodimlari faxriy safga tizildi, quroldan o‘q uzildi.

Olingan jarohatdan katta leytenant shifoxonaga olib ketilayotganda vafot etgan. Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi “g” bandi (Xizmat vazifasini bajarayotgan shaxsni qasddan o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumonlanuvchi voqea joyidan qochib ketdi. 4-iyul kuni u qo‘lga olingan. U “Suqaloq” qabristoni hududidagi makkajo‘xorilar orasiga yashiringan. Qo‘lga olish chog‘ida o‘zining qorin sohasiga tan jarohati yetkazgan va birinchi yordam ko‘rsatilganidan so‘ng shifoxonaga yetkazilgan.

Izohlar

Mavzuga oid

Главная