Toshkentda tuman IIB podpolkovnigi pora bilan qo‘lga tushdi
Erkak giyohvand moddalar savdosida gumon qilinayotgan shaxsga nisbatan ehtiyot chorasini o‘zgartirishga va’da bergan.

Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura xodimlari IIV tizimidagi korrupsion jinoyatni fosh qildi.
Toshkent shahar Mirobod tumani Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi bo‘linmalaridan birining boshlig‘i — podpolkovnik U.S. Jinoyat kodeksining 273-moddasi (giyohvand moddalar bilan qonunga xilof ravishda muomala qilish) bo‘yicha ayblanuvchiga nisbatan qo‘llanilgan ehtiyot chorasini qamoqdan garovga almashtirishga va’da berdi. Buning uchun u ayblanuvchining qarindoshidan 18 ming dollar olgan.
Biroq va’dasini bajara olmadi. Pulning bir qismini qaytarmoqchi bo‘lganida, podpolkovnik dalillar bilan qo‘lga olindi.
Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. U qamoqqa olindi, tergov olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistondagi davlat idoralari korrupsiyaga nisbatan murosasizlikni shakllantirishga va’da bergandi. Prezident davlat ulushi 50 foiz va undan yuqori bo‘lgan idoralarda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘limlarini kuchaytirish to‘g‘risida qaror qabul qilgan.
Izohlar