Toshkentda qalbaki dori ishlab chiqaruvchi yashirin sex fosh etildi — video
Yuzlab kilogramm sifatsiz preparatlar poytaxt dorixonalariga yetkazib berildi.

Toshkentda dori vositalarini qalbakilashtirish va sotish bilan shug‘ullangan jinoiy guruh fosh etildi, deb xabar bermoqda DXX matbuot xizmati.
Jinoyatchilar biologik faol qo‘shimchalar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan kompaniyaga tegishli binoda ishlab chiqarish bilan shug‘ullangan. Huquq-tartibot idoralari xodimlari 11 ta dori ishlab chiqarish uskunasi, 21 ta tabletka shaklini musodara qildi. Shuningdek, umumiy og‘irligi 389 kg bo‘lgan kukun va tabletkalar topildi. Musodara qilinganlar orasida «Raykal» rusumli pnevmatik qurol ham bo‘lgan.
Xuddi shu kompaniyaga tegishli ikkinchi xonada ham yashirin sex bor edi. Xonadan dori tayyorlash uchun uskunalar, bo‘sh kapsulalar, qutilar, yo‘riqnomalar va kukun ko‘rinishidagi xomashyolar topildi. Bularning barchasi protsessual tartibda rasmiylashtirildi.
Sexda «Ursosan 250 mg,» «Neyromidin 20 mg» va «Fanigan» preparatlari qalbakilashtirilgan. Huquq-tartibot idoralari xodimlari 130 kilogrammlik «Fanigan»ni qalbakilashtirish uchun substansiyalar yetkazib berilayotgan dorixonani tekshirib chiqishdi. Unda «Fanigan,» «Azimak,» «Siprolet» kabi 15 nomdagi 1 067 quti qalbaki dori vositalari aniqlangan. Shuningdek, DXX xodimlari tomonidan 14 turdagi 274 quti muddati o‘tgan dori vositalari musodara qilingan.
Yashirin sexning uch nafar tashkilotchisiga nisbatan Jinoyat kodeksining 186-3-moddasi 2-qismi «b» va «g» bandlari (Xavfsizlik talablariga javob bermaydigan tovarlarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab ishlab chiqarish, saqlash, tashish yoxud o‘tkazish, ishlar bajarish yoki xizmatlar ko‘rsatish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Toshkent viloyatida milliardlab so‘mlik dori-darmon kontrabandasiga chek qo‘yildi. Haydovchilar sifatsiz preparatlarni yuk mashinalarida olib kirishga harakat qilishgan, ularni kitoblar, shuningdek, kiyim va aksessuarlar ichiga yashirishgan.
Izohlar