Hodisa

Toshkent viloyatida milliardlab so‘mlik dori-darmon kontrabandasiga chek qo‘yildi — video

Haydovchilar sifatsiz preparatlarni yuk mashinalarida olib kirishga harakat qilishgan, ularni kitoblar, kiyimlar va aksessuarlarga yashirishgan.

Toshkent viloyatida milliardlab so‘mlik dori-darmon kontrabandasiga chek qo‘yildi — video

Toshkent viloyatida DXX xodimlari 5 mlrd so‘mdan ortiq qiymatdagi sifasiz dori vositalarini olib kirishga uringan kontrabandachilarni qo‘lga oldi, deb xabar bermoqda DXX matbuot xizmati.

Xizmat ma’lumotlariga ko‘ra, voqea Toshkent viloyatidagi “Yallama” chegara-bojxona postida sodir bo‘lgan. Rossiya va Qozog‘iston tovarlari ortilgan ikkita “GAZ” yuk mashinasi “qizil yo‘lak” orqali postga yetib kelgan va bojxona xodimi nazorati ostida tegishli punktga tekshiruvga yuborilishi kerak edi.

Biroq xodim yuk mashinalarini belgilangan manzilga olib bormagan va ularni nazorasiz qoldirgan. Bundan foydalangan haydovchilar yo‘nalishni o‘zgartirib, Yuqori Chirchiq tumanida yashovchi 1966-yilda tug‘ilgan fuqaroning uyiga yo‘l olgan.

Ular Rossiya va Qozog‘istondan olib kelingan, kitoblar, aksessuarlar va kiyim-kechaklar orasiga yashirilgan 52 459 qadoq dori-darmonlarni tegishli hujjatlarsiz va bojxona muhrini ochmasdan avtomobilda tushirishga uringan. DXX va DBQ xodimlari kontrabandachilarni belgilangan bojxona punktiga jo‘natayotganda qo‘lga olgan.

Dori vositalarining umumiy qiymati 5 mlrd 353 mln so‘mni tashkil etgan. Ma’lum bo‘lishicha, Qozog‘iston fuqarosi yuk mashinalari haydovchilariga chegaradan tovarlarni olib o‘tish uchun 2 ming dollardan va’da bergan. Yuk mashinalarini kuzatmagan “Yallama” chegara-bojxona posti inspektorining xatti-harakatlariga huquq-tartibot idoralari xodimlari huquqiy baho beradi.

Bundan tashqari, haydovchilar va Yuqori Chirchiq tumanidagi xonadon egasiga nisbatan Jinoyat kodeksining 182-moddasi 2-qismi “a” bandi (Bojxona to‘g‘risidagi qonunchilikni juda ko‘p miqdorda buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ular 8 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin. Tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Turkiyada uch nafar o‘zbekistonlik ayol jinsiy a’zolarida oltin olib o‘tishga uringan edi. Istanbul ayeroporti huquq-tartibot idoralari kontrabandani qo‘lga olish uchun ayollarni shifoxonaga jo‘natdi.

Izohlar

Mavzuga oid