Hodisa

Toshkentda ikki mashina to‘qnashuvi oqibatida piyoda halok bo‘ldi

Avtomobil haydovchisi yetti yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.

Фото: ситуативное

Toshkentning Mirzo Ulug‘bek tumanida ikki avtomobil to‘qnashuvi oqibatida piyoda halok bo‘ldi. Bu haqda YHXX matbuot xizmati xabar bermoqda.

Hodisa 20-iyul kuni soat 13:30 da Oltin tepa va Chaxbud ko‘chalari chorrahasida sodir bo‘lgan. YTHda ikki avtomobil — Lacetti va Tracker to‘qnashib ketgan. Tracker haydovchisi boshqaruvni yo‘qotib, yo‘l chetida turgan piyodani urib yuborgan. Olingan tan jarohatlari oqibatida u voqea joyida vafot etgan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. Huquqbuzarlik avtomobil boshqarish huquqidan mahrum qilib, 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Yo‘l harakati ishtirokchilari yo‘l harakati qoidalariga rioya qilishga va belgilangan tezlikdan oshmaslikka chaqirildi.

Eslatib o‘tamiz, Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqov piyodalar ishtirokidagi YTHlarning oldini olish va yo‘l harakati xavfsizligini oshirish maqsadida yo‘llarga metall to‘siqlar o‘rnatish uchun Shaharni rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 6 mlrd 912 mln so‘m ajratish to‘g‘risidagi qarorni imzolagandi.

Birgina 2024-yilning o‘zida O‘zbekistonda 9 364 ta YTH sodir bo‘lib, ularda 9 000 nafar fuqaro jarohatlangan, 2 203 kishi halok bo‘lgan. 9 iyul kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda prezident yo‘l infratuzilmasini yaxshilash orqali avariyalarni kamaytirish bo‘yicha “Xavfsiz yo‘l” milliy dasturi boshlanganini e’lon qildi. Uning doirasida “Xavfsiz yo‘l va xavfsiz piyoda” respublika jamg‘armasi faoliyati qayta tashkil etiladi.

U hukumat bo‘ysunuviga o‘tkaziladi va 2025-yilda 400 milliard so‘m ajratiladi. Mamlakatning har bir hududida Jamg‘armaning filiallari tashkil etiladi. Foto va videolokatsiya radarlari orqali olingan jarimalarning 25 foizini o‘sha yerga yo‘naltirish rejalashtirilgan. Mablag‘lar, birinchi navbatda, avariya xavfi bo‘lgan joylarni obodonlashtirish, yo‘l belgilari, to‘siqlar o‘rnatish, piyodalar yo‘laklarini yaratishga sarflanadi.

Iyun oyida yo‘l-patrul xizmati brigadasi ma’muriy binosini kapital ta’mirlash ishlari yakunlangani e’lon qilindi. Yangilangan majmua sun’iy intellekt asosida ishlaydigan Situatsion monitoring markazi uchun maydonchaga aylandi. Real vaqt rejimida yo‘l holatini tahlil qiladigan, tirbandliklarni bashorat qiladigan va favqulodda xizmatlarga tezroq javob berishga yordam beradigan aqlli transport platformasi. IIV hisob-kitoblariga ko‘ra, tizim tirbandliklarni 50 foizgacha kamaytirishi va avariya holatlarini kamaytirishi mumkin.

Izohlar

Mavzuga oid

Главная