Toshkent viloyatida ishlash vaqtida manzil koloniyadan qochib ketib, voyaga yetmagan qizni zo‘rlagan 31 yoshli fuqaroga nisbatan sud majlisi boshlandi, deb xabar bermoqda Oliy sud matbuot xizmati.
Ma’lumotlarga ko‘ra, sud majlisi jinoyat ishlari bo‘yicha Ohangaron shahar sudida bo‘lib o‘tmoqda. Sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 118-moddasi 4-qismi (O‘n to‘rt yoshga to‘lmagan shaxsni zo‘rlash) va 119-moddasi 4-qismi (O‘n to‘rt yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish) bilan ayblanmoqda. Erkak 15 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.
Qayd etilishicha, jinoyat ishi mamlakat Jinoyat-protsessual kodeksining 19-moddasi talablariga muvofiq yopiq sud majlisida ko‘rib chiqiladi.
Eslatib o‘tamiz, voqea haqida 2025-yil 21-oktyabrda ma’lum bo‘lgan, hodisa esa 16 oktyabrga to‘g‘ri keladi. 31-yoshli mahkum 50-sonli manzil-koloniyadan mehnat faoliyati davomida qochib ketib, 3-sinf o‘quvchisini zo‘rlagan, shundan so‘ng dalada mahalliy aholi tomonidan qo‘lga olingan.
U 2018-yilda Jinoyat kodeksining 118-moddasi (O‘n to‘rt yoshga to‘lmagan shaxsni zo‘rlash) 4-qismi bilan 16 yilga, 2033-yilgacha ozodlikdan mahrum qilingan. Sudning 2024-yil avgustdagi qarori bilan u qolgan 9 yil 2 oy 19 kunlik jazo muddatini o‘tash uchun manzil koloniyasiga o‘tkazilgan.

























