Ombudsman Rossiyadagi o‘zbekistonlik talabalarning 31 ta murojaati bo‘yicha masalalarni hal qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo”.
Murojaatlar Rossiyadagi “Oliy iqtisodiyot maktabi” milliy tadqiqot universitetida tahsil olayotgan talabalarning sayyor qabulida qabul qilindi. Ma’lum bo‘lishicha, universitet ma’muriyati talabalarni migratsiya hisobiga qo‘yish muddatlari uzaytirilgani haqida vakolatli organlarni o‘z vaqtida xabardor qilmagan.
Natijada talabalar Rossiya hududida 90 kundan ortiq bo‘lgan va migratsiya qoidalarini buzgan deb topilgan. Talabalarning so‘zlariga ko‘ra, ulardan 40 ming rubl miqdorida ma’muriy jarima to‘lash talab qilingan. Mazkur masala Rossiya Inson huquqlari bo‘yicha vakili tomonidan nazoratga olinib, IIV Migratsiya xizmati bilan hamkorlikda tekshiruv o‘tkazilgan.
Xorijiy talabalarning vaqtincha bo‘lish muddatini uzaytirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Bundan tashqari, hududiy ichki ishlar organlariga istisno tariqasida ko‘rsatilgan talabalarga nisbatan jarima solish yoki Rossiyadan tashqariga ma’muriy chiqarib yuborish kabi ma’muriy ta’sir choralarini qo‘llamaslik bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi, — deyiladi xabarda.
Ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida nafaqat o‘zbekistonlik talabalar, balki Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Ozarbayjon, Moldova va Belarusdan Rossiyada tahsil olayotgan 200 dan ortiq talabalarning murojaatlari ijobiy yechim topdi. Rossiya Inson huquqlari bo‘yicha vakili Ombudsmanga yo‘llagan maktubida ushbu masala ijobiy hal etilganini ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, Rossiyada mehnat migrantlariga majburiy tibbiy sug‘urta polisini berish qoidalari kuchaytirilgandi. Bepul tibbiy yordam ilgari uch yil bo‘lgan muddatning o‘rniga, endi faqat besh yil qonuniy ishlangandan so‘ng taqdim etiladi.





















