Toshkent viloyatida bir qator iste’molchilar ortiqcha yuklama tufayli elektr ta’minotidan uzildi
O‘chirishlar tizimdagi quvvatning me’yoriy darajasini saqlab turish uchun amalga oshiriladi.

Toshkent viloyatida elektr energiyasi iste’molining keskin oshishi va tarmoqlardagi ortiqcha yuklama sababli bir qator iste’molchilar elektr ta’minotidan uzildi, deb xabar bermoqda “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ axborot xizmati.
Ma’lumotlarga ko‘ra, mutaxassislar tomonidan Toshkent IEMni Toshkent shahridagi “Keles” va Sirdaryo viloyatidagi “Feruz” podstansiyalari bilan bog‘lovchi magistral liniyalarda yuklama me’yordan oshib ketgani qayd etilgan. Shu sababli bir qator iste’molchilar — 27 MVt — tarmoqdan uzildi.
Kompaniyaning ta’kidlashicha, vaqtinchalik o‘chirishlar tizimdagi quvvatning me’yoriy darajasini saqlab qolish va yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan keng ko‘lamli avariyalarning oldini olish uchun amalga oshiriladi. Iste’molchilardan uzr so‘ralib, hozirda mutaxassislar tomonidan o‘chirilgan uchastkalarda kuchlanishni tiklash bo‘yicha barcha zarur ishlar amalga oshirilayotgani ma’lum qilindi.
Eslatib o‘tamiz, Toshkentda to‘rtta podstansiyada avariyaviy quvvat cheklovlari joriy etilgandi. Bu ba’zi transformatorlarning ortiqcha yuklanishini oldini olish va taqsimlash tarmoqlarida yirik avariyalarning oldini olishga yordam berishi rejalashtirilgan.
Avvalroq O‘zbekistonda birinchi marta yozda elektr energiyasi iste’moli qishki ko‘rsatkichlardan oshib ketgani haqida xabar berilgandi. Iste’molchilardan elektr ta’minotidagi uzilishlar uchun uzr so‘raldi va elektr energiyasiga tejamkorlik bilan munosabatda bo‘lish so‘ralgan.
Izohlar