Strong Cities kompaniyasi rahbari juda yirik miqdordagi firibgarlik ishi bo‘yicha hibsga olindi
Ma’lum bo‘lishicha, huquqbuzarlar kompaniyani ro‘yxatdan o‘tkazmasdan va tegishli hujjatlarsiz ochgan.

Toshkentda huquq-tartibot idoralari xodimlari ruxsatnoma va hujjatlarsiz qurib bitkazilmagan turar joy majmuasidagi xonadonlarni aholiga sotayotgan kompaniya rahbarini qo‘lga oldi, deb xabar bermoqda IIBB matbuot xizmati.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Strong Cities kompaniyasi 2021 yil 11 avgustda tegishli me’yoriy hujjatlarni rasmiylashtirmasdan va hududiy nazorat inspeksiyasida ro‘yxatdan o‘tmasdan tashkil etilgan. Kompaniya ta’sischilari ko‘p qavatli uy qurib berishni va’da qilib, fuqarolarning ishonchiga kirib, xizmat ko‘rsatuvchi bankda alohida hisob raqami ochmasdan 2023-2024 yillar uchun shartnomalar tuzgan.
Shu tariqa, gumonlanuvchilar fuqarolardan katta miqdordagi pulni qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘lgan. Holat yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi a bandi (Ko‘p miqdorda firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tekshiruv davomida tartib posbonlari kompaniya rahbarini ham hibsga olishgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Huquq-tartibot idoralari xodimlari fuqarolarga murojaat qilib, agar ular firibgarlar qurboniga aylangan bo‘lsa, Tergov boshqarmasiga murojaat qilishlari mumkinligini eslatdi. 71-206-42-39 yoki 102 raqamiga qo‘ng‘iroq qilish mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Strong Cities’ning 200 ga yaqin aldangan mijozlari kompaniya egasi 5 mlrd so‘mni o‘zlashtirib, mamlakatdan qochib ketganidan qo‘rqib, Toshkent hokimiyati yaqinida to‘plangan edi.
Izohlar