Rasul Kusherbayev aliment to‘lashdan bo‘yin tovlaganlikda ayblanmoqda
Davlat xizmatchisi sud qarori ustidan shikoyat qilib, shaxsiy ma’lumotlarni tarqatganlarni javobgarlikka tortmoqchi.

12-avgust kuni ijtimoiy tarmoqlarda ekologiya vaziri maslahatchisi Rasul Kusherbayev voyaga yetmagan farzandi uchun aliment to‘lashdan bo‘yin tovlayotgani haqida xabar tarqaldi. Oliy sud hodisaga izoh berdi.
Idora ma’lumotlariga ko‘ra, arizachi 2025-yil 26-iyun kuni Toshkent shahar fuqarolik ishlari bo‘yicha Yakasaroy tumanlararo sudiga voyaga yetmagan farzandi ta’minoti uchun aliment undirish to‘g‘risida sud buyrug‘i chiqarishni so‘rab murojaat qilgan.
Sudning 2025-yil 28-iyundagi buyrug‘i bilan ariza arizachining foydasiga qanoatlantirilgan. Buyruqqa ko‘ra, Kusherbayevga 2025-yil 28-iyundan boshlab voyaga yetmagan qizining ta’minoti uchun u voyaga yetguniga qadar umumiy oylik daromadining to‘rtdan bir qismi miqdorida aliment to‘lash majburiyati yuklatilgan.
Rasul Kusherbayev sud qaroridan norozi bo‘lib, 2025 yil 21 iyul kuni e’tiroz bildirgan. 23 iyul kuni uning aliment undirish to‘g‘risidagi sud qarorini bekor qilish to‘g‘risidagi arizasi qanoatlantirilgan. Murojaatchi 2025-yil 5-avgust kuni aliment undirish bo‘yicha sudga yana da’vo arizasi bilan murojaat qilgan.
“Ushbu da’vo bo‘yicha fuqarolik ishi qo‘zg‘atilib, ish yuritishga qabul qilindi. Ishni mazmunan ko‘rib chiqish 2025-yil 15-avgustga belgilangan. Shunday ekan, shoshma-shosharlik bilan xulosa chiqarib, asossiz shubhalarga berilmaslik kerak. Ish mazmunan ko‘rib chiqilib, qonuniy, asosli va adolatli qaror qabul qilinishi ta’minlanadi”, — deyiladi Oliy sud xabarida.
Shu bilan birga, Kusherbayev sodir bo‘layotgan voqealarni shantaj deb hisoblamoqda. Vazir maslahatchisi qonunni buzmaganini aytib, shaxsiy ma’lumotlarni tarqatgan shaxslarni javobgarlikka tortish niyatida ekanini ma’lum qildi.
“Umid qilamanki, yaqin kunlarda bu voqeani tashkillashtirgan asosiy shaxsga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atiladi, chunki qonun buzilganligini tasdiqlovchi tegishli ekspertiza xulosalari olingan. Men o‘z harakatlarimda sud va tegishli organlarning qonuniy qarorlariga asoslanaman. “Sharlatanlik” yo‘li mening yo‘lim emas”, — dedi u.
Mavzuga doir: “Xohlaganingizcha sudga bering”: Kusherbayev oila boshlig‘i rolini ayollarga bermaslik haqidagi chaqirig‘iga munosabat bildirdi. Vazir maslahatchisining aytishicha, o‘zbekistonliklarga chetdan “ayollar va bolalar huquqlari haqida gapirishadi va shu bilan oilalarni buzishadi”.
Izohlar