Qashqadaryo viloyatida huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda muqaddam sudlangan 44 yoshli fuqaroda 20 kg.dan ortiq giyohvandlik moddasi borligi aniqlandi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, voqea Chiroqchi tumanida sodir bo‘lgan. Departament xodimlari viloyat IIB bilan hamkorlikda maxsus tadbir o‘tkazib, muqaddam ikki marta sudlangan 44 yoshli fuqaroning xonadonida tintuv o‘tkazdi. Tintuv davomida uning uyidan uchta sintetik paketda saqlanayotgan 20 kg 658 gr. marixuana giyohvandlik moddasi topilgan.
Tartib posbonlari erkak giyohvand moddani keyinchalik sotish uchun saqlaganini aniqladi. Huquq-tartibot idoralari xodimlari unga nisbatan Jinoyat kodeksining 237-moddasi 5-qismi (Giyohvandlik vositalarini qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atib, qamoqqa olgan.
Avvalroq Sirdaryo va Namangan viloyatlarida giyohvand moddalarning noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yilgani haqida xabar berilgandi. Bir holatda er-xotin “oilaviy biznes” tashkil etib, yashash joyida taqiqlangan moddalarni tayyorlagan.



















