Jizzax viloyatida tug‘ruqxonadan chaqaloqni o‘g‘irlagan ayolga sud hukmi o‘qildi, deb xabar bermoqda Oliy sud matbuot xizmati.

Idora ma’lumotlariga ko‘ra, ayblanuvchi Jinoyat kodeksining 137-moddasi 2-qismi “a”, “b” bandlari (Voyaga yetmagan shaxsni g‘arazgo‘ylik yoki boshqa past niyatlarda o‘g‘irlash) bilan aybdor deb topilgan. Shuningdek, 168-modda 1-qismi (Firibgarlik) bo‘yicha. Unga 5 yil-u bir oy qamoq jazosi tayinlangan. Keyinroq ayol apellyatsiya bergan, biroq hukmni o‘zgarishsiz qoldirgan.

Eslatib o‘tamiz, voqea 31-yanvar kuni Jizzax viloyatida sodir bo‘lgandi. Noma’lum ayol chaqaloqni tug‘ruqxonadan o‘g‘irlab ketdi. Onaning xonasiga 25-30 yoshlardagi notanish ayol xalatsiz tibbiy niqobda kirib, tug‘ilgan egizaklardan birining sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammo borligini va uni shifokor ko‘rigiga olib borish kerakligini aytib, bolani olib ketgan va g‘oyib bo‘lgan.