Ikki marta bolakayni bosib o‘tgan ayol uy qamog‘iga olindi va ikki yilga haydovchilik huquqidan mahrum qilindi
Shuningdek, sud jinoyatchidan 27,3 million so‘m ma’naviy zarar va ziyonni undirdi.

Farg‘ona vodiysida uy hovlisida o‘tirgan 2,5 yoshli bolani mashinada bosib, voqea joyidan qochib ketgan ayolga hukm o‘qildi, deb xabar berdi IIV matbuot xizmati.
Ma’lumotlarga ko‘ra, voqea 2024-yil 10-may kuni Marg‘ilon shahrida sodir bo‘lgan. Bola podyezdga yaqin joyda o‘tirganida, 55 yoshli ayol boshqaruvidagi mashina uni bosib ketdi. Oldingi g‘ildirak ko‘krak qafasidan, orqa g‘ildirak chanoqdan o‘tgan. Shunga qaramay, haydovchi to‘xtamagan va xotirjam harakatini davom ettirib, voqea joyidan jo‘nab ketgan.
Vaziyat tashqi kuzatuv kameralari tomonidan qayd etilgan. Jabrlangan bolaning buvisi nevarasining chanog‘i uch joyidan singanini aytdi. Voqeadan so‘ng bola bir oy davomida to‘shakka mixlanib qolgan.
Sud ayolni Jinoyat kodeksining 117-moddasi 1-qismi (Xavf ostida qoldirish) va 266-moddasi 1-qismi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan aybdor deb topib, ikki yil muddatga uydan chiqishni to‘liq taqiqlagan holda ozodlikni cheklash, shuningdek, ikki yil muddatga huquqdan mahrum qilish jazosi tayinladi.
Bundan tashqari, sud jinoyatchidan yetkazilgan moddiy zarar hisobidan 2,3 mln so‘m va ma’naviy zarar uchun kompensatsiya sifatida 25 mln so‘m undirdi. Jabrlangan bolaning otasi chaqaloq qisman tuzalganini, biroq ko‘cha va mashinalar ovozidan qo‘rqa boshlaganini aytdi.
Avvalroq Surxondaryoda haydovchi piyodalar o‘tish joyida bolani urib yuborgani to‘g‘risida xabar berilgandi. Erkak manzil-koloniyada besh yilga ozodlikdan mahrum etilgan.
Izohlar