20-noyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Millar dasturining reportaji tarqaldi. Unda jurnalist, eri xotinini tushlik tayyorlamagani uchun pichoqlab o‘ldirgan voqea haqidagi xabarda, ayollarni erlariga qarshi chiqmaslikka chaqirgan. Mutasaddi idoralar hozircha hodisa yuzasidan izoh bermadi.

Videoda jurnalist erkakning xatti-harakatlarini oqlamasligini aytdi, biroq ayollarga “uzoq umr ko‘rish uchun eri g‘azablanganida unga qarshi chiqmaslikni” maslahat berdi. Huquqshunos va gender masalalari bo‘yicha mutaxassis Kamola Aliyevaning so‘zlariga ko‘ra, efirda ayolning shafqatsiz o‘ldirilishi amalda oqlangan.

Nega telekanal zo‘ravonlikni oqlaydi? Bu nima uchun efirga uzatiladi? Maqsadingiz nima? “Ering seni o‘ldirmasligi uchun indamay, suvdan ham, o‘tdan ham pastda yashashing kerak”, degan fikr bilan ayollar ongini zaharlashmi? Yoki yosh yigitlarga «xotining jahlingni chiqaradigan bo‘lsa, o‘ldirsang ham bo‘ladi – jamiyat baribir seni oqlaydi, — deb uqtirish kerakmi?

“Millar”ning shubhali fikrlari Toshkent viloyatida ayol kishining o‘ldirilishi haqidagi reportajda ham qayd etilgan. O‘shanda erkak kechasi xotinini pichoqlab o‘ldirgan — u sovuq qurolni yostig‘i ostida ushlab turgan va mojarodan keyin o‘zini tuta olmagan.

Jurnalist ushbu reportajni “Birgina xiyonat go‘zal oilaning barbod bo‘lishiga sabab bo‘ldi. Ayol o‘ylamay qilgan ishi uchun hayoti bilan javob berdi”. E’tiborlisi, video Oliy sud matbuot xizmatida ham e’lon qilindi. Mutasaddi idoralar va Milliy TV telekanali hozircha hodisa yuzasidan izoh bermadi.

Avvalroq Surxondaryoda erkak tushlik tayyorlanmagani uchun xotinini pichoqlab o‘ldirgani haqida xabar berilgandi. Ayol surunkali buyrak kasalligi bilan og‘rigan va I guruh nogironligi bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, Toshkentda blogerlar ayollarga nisbatan zo‘ravonlikni targ‘ib qilgan videolari uchun qamalgandi. Ular qilgan ishlari uchun uzr so‘rashdi, lekin baribir hibsga olingan.