Toshkentda 6 ming qarzdorning elektr energiyasi uchun to‘lovlari vaqtincha cheklandi Toshkentda 6 ming qarzdorning elektr energiyasi uchun to‘lovlari vaqtincha cheklandi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 5-noyabr kuni poytaxtda chiqindilarni olib chiqib ketish bo‘yicha qariyb 2,3 mlrd so‘mlik qarzdorligi uchun 25 121 nafar abonentga SMS-xabarnoma yuborilgan. Xabarnomani olgandan so‘ng besh kun ichida qarzdorlikni to‘lamagan abonentlarga elektr energiyasi uchun to‘lov qilish imkoniyati vaqtincha cheklandi.

Ayni paytda Toshkent shahri bo‘yicha jami debitor qarzdorlik 582 mln so‘mdan oshgan. Ma’lum qilinishicha, qarzdorlik to‘liq qoplanganidan so‘ng cheklov darhol olib tashlanadi. Mazkur tartib 2025-yil 30-iyunga qadar hosil bo‘lgan qarzdorliklarga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Eslatib o‘tamiz, toshkentliklar chiqindini noto‘g‘ri tashlagani uchun milliardlab so‘m jarimaga tortilgandi. Shuningdek, mutaxassislar poytaxt suv havzalarini aholi va korxonalarning 315 tonna chiqindilaridan tozalashga muvaffaq bo‘ldi.

Avvalroq O‘zbekistonda mingdan ortiq fuqaro chiqindi tashish yomonligidan shikoyat qilgandi. Mas’ul tashkilotlar chiqindilarni yig‘ishtirish jadvalini buzib, fuqarolardan to‘lov talab qilgan.