BAAdan O‘zbekistonga og‘ir jinoyatlarni sodir etganlikda ayblangan uch nafar erkak ekstraditsiya qilindi
Qo‘lga olinganlar huquq-tartibot idoralariga topshirildi, ularni sud kutmoqda.

BAAdan O‘zbekistonga xalqaro qidiruvda bo‘lgan uch nafar fuqaro ekstraditsiya qilindi, deb xabar bermoqda IIV matbuot xizmati.
Ma’lumotlarga ko‘ra, tadbir Interpolning Toshkent va Abu-Dabidagi milliy markaziy byurolari o‘rtasidagi hamkorlik tufayli amalga oshirildi. Mutaxassislar og‘ir jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanib, xalqaro qidiruvda bo‘lgan uch nafar fuqaroni O‘zbekistonga ekstraditsiya qildi.
Qo‘lga olinganlar belgilangan tartibda O‘zbekiston huquq-tartibot idoralariga topshirildi. Qayd etilishicha, ekstraditsiya qilingan shaxslar huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan mamlakat hududida sodir etilgan iqtisodiy va mulkiy jinoyatlar bilan bog‘liq ayblovlar bo‘yicha qidiruvga berilgan. Endi ular jinoiy javobgarlikka tortilib, sud oldida javob berishadi.
Ta’kidlanishicha, xalqaro kelishuvlarning barcha jihatlari va transmilliy jinoyatchilikka qarshi kurashga qaratilganligini hisobga olgan holda, muzokaralar va uchrashuvlar davomida o‘rnatilgan ikki tomonlama aloqalar tufayli topshirilgan jinoyatchilar soni ortib bormoqda.
Avvalroq, odam savdosida gumonlanib, O‘zbekistonga ekstraditsiya qilingan o‘monlik uch nafar ayol haqida xabar berilgandi. Gumonlanuvchilarni sud kutmoqda.
Izohlar