Shavkat Mirziyoyev BAA delegatsiyasini qabul qildi — asosiylar
Prezident energetika va infratuzilma vaziri Suhayl al-Mazruiy bilan muzokara o‘tkazdi.

Shavkat Mirziyoyev Xorijiy investorlar kengashining navbatdagi majlisi doirasida Birlashgan Arab Amirliklari energetika va infratuzilma vaziri Suhayl al-Mazruiy boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar berdi prezident matbuot xizmati.
Ma’lumotlarga ko‘ra, uchrashuvda “Amea Power”, “Etihad Water & Electricity”, “TAQA Water Solutions”, “AD Ports” va “Masdar” kompaniyalari rahbarlari ham ishtirok etdi.
Suhbat avvalida vazir davlat rahbariga BAA prezidenti Shayx Muhammad Ol Nahayon, bosh vaziri, Dubay amiri Shayx Muhammad Ol Maktum, vitse-prezidenti Shayx Mansur Ol Nahayon va Abu-Dabi Amirligi valiahdi Shayx Holid Ol Nahayonning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
O‘zbekiston Prezidentining 2025-yil yanvar oyidagi BAAga tashrifi yakunida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi. Shuningdek, O‘zbekiston-BAA strategik sheriklik munosabatlari jadal rivojlanib borayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi. Tovar ayirboshlash va investitsiyalar hajmi, qo‘shma korxonalar va to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar soni oshmoqda.
Amirliklarning yetakchi kompaniyalari ishtirokidagi loyihalar portfeli 20 milliard dollardan ortdi. To‘rtinchi Toshkent investitsiya forumi doirasida BAA kompaniyalari bilan qator yangi kelishuvlar imzolandi. Energetika, transport, logistika, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, ta’lim, shaharsozlik, suv ta’minoti va boshqa yo‘nalishlardagi yirik loyihalarni jadallashtirishga kelishib olindi.
Avvalroq Mirziyoyev Toshkent xalqaro investitsiya forumida nutq so‘zlab, mamlakat 2026-yilda JSTga a’zo bo‘lishni rejalashtirayotganini ma’lum qilgandi. Prezident mamlakat “Yangi O‘zbekiston — investitsiyalar uchun katta imkoniyatlar mamlakati” tamoyilini amalga oshirish uchun barcha choralarni ko‘rayotganini ta’kidlagan.
Izohlar