Hodisa

Andijonda mast erkak ichki ishlar xodimini o‘ldirib, qochib ketdi — video

Jinoyatchi qidiruvga berildi, IIV marhumning oila a’zolariga hamdardlik bildirdi, dafn marosimida viloyat hokimi ishtirok etdi.

1-iyul kuni Andijon viloyatida viloyat IIB xodimi xizmat vazifasini bajarish chog‘ida halok bo‘ldi, deb xabar berdi IIV matbuot kotibi Shuhrat G‘iyosov.

Voqea soat 20:50 atrofida sodir bo‘lgan. Andijon viloyati Xo‘jaobod tumani “Yuksalish” mahallasida maishiy mojaro yuzasidan profilaktika inspektori chaqiruvga chiqqan. O‘shanda 64 yoshli mast fuqaro oila a’zolariga xo‘jalik pichog‘i bilan tahdid qilgan. Qo‘lga olish chog‘ida erkak inspektorning ko‘kragiga pichoq sanchgan.

Olingan jarohatdan katta leytenant shifoxonaga olib ketilayotganda vafot etgan. Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi “g” bandi (Xizmat vazifasini bajarayotgan shaxsni qasddan o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumonlanuvchi voqea joyidan qochib ketdi. Uni qidiruvga berishdi.

IIV ayblanuvchining turgan joyi haqida ma’lumotga ega bo‘lgan fuqarolardan yaqin oradagi IIBga murojaat qilishlarini yoki 102 raqamiga qo‘ng‘iroq qilishlarini so‘raydi. Anonimlik kafolatlanadi. IIV marhum xizmat vazifasini bajarish chog‘ida mardlik va fidoyilik ko‘rsatib, halok bo‘lganini aytib, marhumning oila a’zolariga hamdardlik bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, YPX xodimi avtomobil oynasi qisib qo‘ygan bolani qutqarib qolgandi. Bola qarovsiz qolib, mashinadan boshini chiqargan va tasodifan oyna ko‘targich tugmasini bosgan.

Izohlar

Mavzuga oid

Главная