Andijonda sobiq sud raisi firibgarlik uchun sudlandi
Ayblanuvchi 30 ming dollar evaziga muddatni qisqartirishga va’da bergan.

Andijon viloyatida jinoyat ishlari bo‘yicha Xonobod shahar sudining firibgarlik va pora olishda ayblangan sobiq raisiga hukm o‘qildi, deb xabar bermoqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Abidov.
Yunusjon Egamberdiyevga oid jinoyat ishi Oliy sudning Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan ko‘rib chiqildi. Natijada 51 yoshli erkak Jinoyat kodeksining 25,168-moddasi 4-qismi “a” bandi (juda ko‘p miqdorda firibgarlikka suiqasd qilish) va 25,211-moddasi 3-qismi “a” bandi (juda ko‘p miqdorda pora berishga suiqasd qilish) bilan aybli deb topilgan.
Sudlov hay’ati Xonobod shahar sudining sobiq raisiga nisbatan sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlarda lavozimlarni, shuningdek, boshqa rahbarlik lavozimlarini egallash huquqidan 2,5 yil muddatga mahrum qilib, 10,5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi. Shuningdek, tomonlarga birinchi instansiya sudining hukmi ustidan qonunda belgilangan tartibda shikoyat qilish huquqi eslatib o‘tildi.
Qayd etilishicha, 51 yoshli sobiq sud raisi tezkor tadbir davomida mahkumning ozodlikdan mahrum etish jazosini qisqartirish evaziga talab qilgan 30 ming dollarni olayotgan vaqtda huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan qo‘lga olingan.
Avvalroq Toshkent shahri va O‘zbekistonning qator viloyatlarida amaldorlar pora bilan qo‘lga olingani haqida xabar berilgandi. Barcha aybdorlar pul olayotgan vaqtda qo‘lga olinib, jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.
Izohlar