Andijon viloyatida huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan navbatdagi tungi reyd tadbiri o‘tkazilib, noqonuniy ravishda ohak kuydirish bilan shug‘ullanib, atmosfera havosini ifloslantirayotgan fuqarolar aniqlandi, deb xabar beradi Ekologiya vazirligi matbuot xizmati.

Ma’lumotlarga ko‘ra, tadbir viloyat ekologiya boshqarmasi xodimlari tomonidan aholining yoqimsiz hid va atmosferaga zararli chiqindilar chiqishidan shikoyat qilganidan so‘ng o‘tkazilgan. Mutaxassislar Andijon tumanidagi Hakan sanoat zonasi hududida bo‘lib, yer maydonlarini o‘zboshimchalik bilan egallab olgan fuqarolarni aniqladi. Gumonlanuvchilar tegishli kadastr hujjatlarisiz ohak kuydirish bilan shug‘ullangan.

Natijada huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan noqonuniy o‘rnatilgan 15 dan ortiq ohak pechi demontaj qilindi. Shuningdek, tartib posbonlari huquqbuzarlarga bunday harakatlarni takrorlamaslik, tadbirkorlik faoliyatini qonun doirasida olib borish, atrof-muhitga zarar yetkazmaslik haqida ogohlantirish berib, noqonuniy xatti-harakatlar uchun qat’iy javobgarlik borligini eslatdi. Reydlar davom etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 16 va 17-noyabr kunlari Toshkent, Samarqand va Buxoroda havo sifati juda zararli ko‘rsatkichlargacha pasaygandi. Toshkentning ayrim hududlarida nafas olish xavfli bo‘lib qoldi, ifloslanish darajasi JSST tavsiyalaridan 50 barobardan ortiq oshdi. O‘zgidromet mutaxassislarining ma’lum qilishicha, harorat o‘zgarishi ham ko‘rsatkichlarning oshishiga sabab bo‘lgan. Haroratning keskin o‘zgarishi inversiya jarayonini keltirib chiqaradi, bunda atmosferadagi mayda dispers zarrachalar cho‘kadi va ularning ko‘rsatkichlari oshadi.